Nasr kengashi faoliyati tahlil etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Nasr kengashi faoliyatining 2022 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yil davomida kengash tomonidan qator ishlar qilindi. Jumladan, Shahodat Isaxonovaning «Gavharshodbegim yoxud qiyomat o‘yini» nomli tarixiy romani, Dilshoda Saidolimovaning «Urushdan qaytmagan bolalar» romani kengash a’zolari tomonidan o‘rganildi. «Urushdan qaytmagan bolalar» asari «Ijod nashr» nashriyotida chop etildi. Ko‘plab nasriy asarlar yil so‘ngiga qadar kengash tavsiyasi bilan nashr etilib, kitobxonlarga yetib borishiga erishildi.
Shuningdek, Nafas Shodmonovning «Saylanma» nomli dramalari, uyushma a’zosi Abdulla Boboyorovning «Chimildiq tortilgan uy» nomli hikoyalari, Zuhra Mamadaliyevaning «Novellalar» to‘plamlari hamda G‘afur Shermuhammadning «Mardi maydon» kitobi kengash tomonidan ko‘rib chiqildi.
«Yilning eng yaxshi asari» tanlovi o‘tkazilib, taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Luqmon Bo‘rixonning «Imom Moturidiy» tarixiy romani tanlovning bosh mukofotiga loyiq topildi. Shuningdek, taniqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali «Kleopatra» tarixiy romani bilan tanlovning «Eng yaxshi nasriy asar» nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani e’tirof etildi.
[gallery-10801]
Zamonaviy o‘zbek nasrida tarixiy mavzuga murojaat etish, nigohni o‘tmishga qaratish, idealni o‘tmishdan axtarish kabi jihatlar yetakchi tamoyil sifatida bo‘y ko‘rsatadi. G‘oyaviy mazmun ifodasidagi yondashuv va epik ko‘lamdorlik, janriy takomillashuvni M.Alining «Kleopatra», I.Sultonning «Ma’suma», Sh.Isahonovaning «Gavharshodbegim yoxud qiyomat o‘yini», N.Arslonning «Xo‘tama», L.Bo‘rixonning «Imom Moturidiy», N.Eshonqulning «Taqiq mevasi» romanlari misolida kuzatish mumkin. Romanlarni tarixiy-ma’rifiy, tarixiy-biografik, ramziy-metaforik hamda modernistik yo‘sindagi asarlar sirasiga kiritish mumkin.
– O‘tgan yilda davriy matbuotimizda 10 dan ortiq povestlar e’lon qilindi, – dedi adabiyotshunos Gulnoz Sattorova. – Ular mavzu jihatidan rang-barang. Yaratilgan asarlar orasida milliy povestchilik taraqqiyotini o‘zida aks ettira olgan asarlar ko‘pligi diqqatga sazovordir. Jumladan, Erkin A’zamning «Jahon adabiyoti» jurnalida chop etilgan «Gonoluluga elchi» qissasi yilning eng yaxshi asarlaridan biri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Asar nomidanoq Erkin A’zam uslubiga xos bo‘lgan kinoyaviy uslubni sezish qiyin emas. Har doimgidek adib o‘z uslubiga sodiq qolgan holda zamon evrilishlari, davr talato‘plari, millat ruhi, o‘zligi haqida hikoya qiladi.
Yig‘ilishda Erpo‘lat Baxtning «Yoshlik» jurnalining ikki sonida e’lon qilingan «O‘zimizning Qo‘qqiboy yoxud kelajakka sayohat», Ma’mura Zohidovaning «Sharq yulduzi» jurnalida e’lon qilingan «Manglaydagi yoziq» hamda hozirgi kunda Niderlandiyada yashab ijod qilayotgan Sharif Ahmedovning «Sarson izlardi o‘zini o‘zi» qissalariga berilgan tahlil tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Kengash ishini yanada takomillashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi. Kelgusidagi faoliyat rejasi belgilandi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA