Nasos stansiyalari faoliyati takomillashmoqda
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufida 45 nasos stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular yordamida 66 ming gektardan ziyod ekin maydonlari suv bilan ta’minlanadi.
– Nasos stansiyalarining 24 tasi sug‘orish, 21 tasi yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun xizmat qiladi, – deydi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Davronjon Abdullayev. – Sug‘orish nasos stansiyalarining 22 tasini 3-chorak yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy tashabbuskorlar boshqaruviga o‘tkazish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda. 2023 yilda boshqarma tasarrufidagi 45 nasos stansiyalari va 693 dona tik quduqlarni ishlatish uchun jami 45,63 million kilovatt soat elektr energiya limiti ajratilgan.

Soha fidoyilarining asosiy vazifasi energetika tejamkorligiga erishishdir. Ular joriy yil yakuniga qadar 10–12 foiz elektr energiyasi tejashni rejalashtirgan. Shu maqsadda 5 dona elektrodvigatel, 3 dona nasos qurilmasi, 4 dona quyosh batareyasi va 1 dona quyosh suv isitkich, bundan tashqari boshqarma binosiga quvvati 20 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, nasos stansiyalarining 26 tasiga suv sarfini onlayn monitoring qilish qurilmalari o‘rnatish uchun 520 million so‘m ajratildi. Bugungi kungacha 24 ta nasos agregati va 42 ta sug‘orish tik quduqlari ta’mirlangan bo‘lsa, irrigatsiya-melioratsiya dasturi doirasida 210 ta, jumladan, Boyovut tumanidagi 51 ta, Guliston tumanidagi 29 ta, Mirzaobod tumanidagi 52 ta, Sayxunobod tumanidagi 33 ta, Sirdaryo tumanidagi 44 ta meliorativ tik quduqlarni ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 1 milliard 224,8 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.


Shuhrat Suyarov, O‘zA.