“Nasaf” muhim uch ochkoga ega bo‘ldi
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 25-turini ochib beruvchi “Nasaf” – “Qo‘qon 1912” uchrashuvi o‘tkazildi.
Mazkur bahs qarshiliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan o‘z yakuniga yetdi. Dragan Cheran, Husayn Norchayev va Sherzod Nasrullayev “Nasaf” jamoasi gollariga mualliflik qildi. Shu tariqa, “Nasaf” ochkolarini 56 taga yetkazib, birinchi o‘rnini yanada mustahkamladi. “Qo‘qon-1912” esa 26 ochko bilan 10-o‘rinda qoldi.
Bugun, 17 oktyabr kuni Superliga bahslarining 25-turi doirasida “Mash’al” – “Xorazm”, “Andijon” – “Sho‘rtan”, “So‘g‘diyona” – “Surxon” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Muborakning “Mash’al” va Urganchning “Xorazm” jamoalari o‘yini oldidan ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
G‘uzorda bo‘lib o‘tadigan “Mash’al” – “Xorazm” uchrashuvini Rustam Lutfullin boshqarib boradi. Unga qanotlarda Sanjar Shoyusupov va Akmal G‘iyosovlar yordam beradi. Zaxira hakami Feruzbek Hidoyatov. Hakamlarni Zokir Qodirov nazorat qiladi. Uchrashuv komissari etib Feruz G‘aniyev tayinlangan.
Jamoalar bugunga qadar chempionat bahslarida 26 marta to‘qnash kelgan. “Mash’al” ushbu o‘yinlarda 13, “Xorazm” esa 5 marotaba g‘alaba qozongan. 8 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. Muborakliklar raqib darvozasini 38 bor ishg‘ol qilgan bo‘lsa, urganchliklar 27 ta golga mualliflik qilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA