Narpayda g‘alladan mo‘maygina daromad qilganlar bor
Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi sohasida Narpay tumanining o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, paxta va g‘allachilikda narpaylik dehqonlar yaratgan tajriba doim o‘z so‘zini aytgan. Yil qurg‘oqchil yoki seryog‘in keladigan, qish sovuq, yoz jazirama bo‘ladimi – ular omilkorligi, dehqonchilik madaniyati bilan ko‘zlagan natijaga erishadi.
2023 yil hosili uchun 6590 gektar maydonda boshoqli don parvarishlagan 246 fermer xo‘jaligi shartnoma rejasini bajarib, yuzi yorug‘ bo‘ldi. Ular shu paytgacha davlatga 16810 tonna o‘rniga 19 ming tonna g‘alla sotdi. O‘rtacha hosildorlik 78-85 sentnerni tashkil etdi. “Paxtakor”, “Narpay Baxmal Ro‘ziboyeva”, “Qoraqipchoq”, “Ibrohim” fermer xo‘jaliklarida hosildorlik gektariga 85-90 sentnerga yetgan bo‘lsa, sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan “Zokir bobo paxtakor”, “Shavkat Omanqulov”, “Oqtosh Farrux Abror” fermer xo‘jaliklarida ham hosildorlik 70 sentnerdan kam bo‘lmadi. Bu bilan fermerlar yaxshigina daromad qildi, omborlar donga to‘ldi.

Birgina ko‘p tarmoqli “Paxtakor” fermer xo‘jaligi 75 gektar g‘alla maydonidan o‘rtacha 70 sentnerdan hosil yig‘ishtirib oldi. Shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, g‘allachilikning o‘zidan 1 milliard 575 million so‘m daromad qilmoqda.
– O‘tgan yildan boshlab g‘allaning davlat xarid narxi bozor bilan tenglashtirilgach, mehnatimizdan manfaatdorligimiz keskin oshdi, – deydi “Paxtakor” fermer xo‘jaligi rahbari Sodiq Haqberdiyev. – Qolaversa, klaster tizimi ham o‘z ijobiy natijasini berdi. Mineral o‘g‘it, yonilg‘idan uzilish bo‘lmadi, ishlov va boshqa agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarildi. Shartnomadan ortiqcha g‘allani birja orqali sotish imkoniyati. Xullas, qilayotgan mehnatimiz beiz ketmasligini yaxshi bilamiz. Erishayotgan natijalarimizning bosh omili shunda. Tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imi davom etmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA