Narkotiklarga qarshi kurashishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkinmi?
Sun’iy intellekt turli sohalarda juda foydali bo‘lib, inson mehnatini yengillashtirish, samaradorlikni oshirish va yangi imkoniyatlar yaratishda muhim rol o‘ynaydi.
Sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni juda tez tahlil qiladi va qaror qabul qilishni osonlashtiradi. Inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirib, aniqlikni oshiradi.
Sun’iy intellekt yordamidagi video kuzatuv va tahlil tizimlari jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi. Kiberxavfsizlik sohasida hujumlarni oldindan aniqlab, tizimlarni himoya qiladi.
Narkotiklarga qarshi kurashishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkinmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligidan ma’lum qilishlaricha, narkojinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellektdan foydalanish ustida ish olib borilmoqda.
Shu maqsadda internet tarmog‘idagi noqonuniy narko-do‘konlarni aniqlash, giyohvandlik vositalari tarqalishini monitoring qilish va ularni bloklashga qaratilgan ilg‘or loyihalar ishlab chiqildi.
Mazkur ishlanmalar yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Xakaton g‘oliblari tomonidan yaratilgan.
Mazkur loyihalar narkotiklarga qarshi kurashishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini yaqqol namoyon etdi. Endilikda ularni amaliyotga joriy etish istiqbollari, afzalliklari hamda mavjud muammolar ko‘rib chiqilmoqda.
Agentlik tomonidan sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni keng joriy etish orqali narkotiklarga qarshi kurashish tizimi yanada takomillashtiriladi. Shuningdek, bu borada idoralararo hamkorlik kuchaytiriladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA