Namunali oilalar taqdirlandi
Sirdaryo viloyatida jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlash, oila institutining nufuzini oshirish hamda mahallalarda ma’naviy muhitni yanada barqarorlashtirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda viloyatning Sardoba tumanida tashkil etilgan navbatdagi tantanali marosimda namunali hayot tarzi va ibratli faoliyati bilan ajralib turgan oilalar munosib taqdirlandi.
Mazkur tadbirda jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, farzand tarbiyasi, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, shuningdek, mahallalarda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 9 ta oilaga “Ibratli xonadon” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Sardoba tumani hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Jumabayev bugungi kunda oilani mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

– Bugun nafaqat Sardoba tumanida, balki butun mamlakatimizda Xalqaro oilalar kuni munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu kabi tashabbuslar oila institutni mustahkamlash, jamiyatda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi u.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar bilan manzilli ishlash, shuningdek, namunaviy oilalarning ijobiy tajribasini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalla tizimining kuchaytirilishi esa bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan mas’ullar va jamoatchilik vakillari tomonidan oilaning jamiyatdagi o‘rni beqiyos ekani, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sadoqat, mehr-oqibat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda oila instituti hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, tinch va farovon jamiyatning poydevori avvalo mustahkam, ahil va hamjihat oilalar ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ibratli tajribalarni ommalashtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Tadbir davomida “Ibratli xonadon” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oilalarning ko‘p yillik halol mehnati, mahalla hayotidagi faol ishtiroki, ahil-inoq turmush tarzi hamda farzand tarbiyasidagi namunaviy yondashuvlari alohida e’tirof etildi. Ularning hayotiy tajribasi boshqa oilalar uchun haqiqiy ibrat maktabi sifatida baholandi.
Tantanali marosim yakunida taqdirlangan oilalarga mukofotlar, maxsus guvohnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, ularning kelgusida ham jamiyat ravnaqi va ma’naviy muhitni yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri