Namunali massivda zamonaviy majmua
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Varq mahallasida “Varq market” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi foydalanishga topshirildi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Varq mahallasida “Varq market” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi foydalanishga topshirildi.Bo‘sh turgan bino “Karmana Kamron” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan imtiyozli narxda xarid qilinib, zamonaviy uslubda qayta ta’mirlandi, qo‘shimcha binolar qurildi. Hozir bu yerda savdo do‘koni, novvoyxona, sartaroshxona, tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Majmuada 20 yangi ish o‘rni yaratildi.
Novvoyxonaga o‘rnatilan maxsus zamonaviy pechlar bir kecha-kunduzda 1 tonna undan 3 turdagi non va non mahsulotlari tayyorlash imkonini berayotir.


– Tikuv sexida mehnat qilayotgan qishlog‘imiz xotin-qizlari asosan korxona va tashkilotlar uchun maxsus kiyim-bosh tikadi, – deydi mazkur sex ish yurituvchisi Nigora Najimova. – Bundan tashqari, erkaklar uchun ustki kiyimlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan.


“Karmana Kamron” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishbilarmonlari kelgusida bu yerda faoliyat turini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ustida ish olib bormoqda.