Namoyishlar Olimpiadaga tahdid soladimi?
Fransiya Ijrochilar uyushmasi (SFA) tarqatgan xabarda aytilishicha, joriy yil 26 iyul kuni yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi va Paralimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq mashqlar oldidan namoyish bo‘lib o‘tadi.
Eng yirik sport anjumani tantanalari uchun yollangan bir guruh aktyor, raqqosa va akrobatlar past maoshi va mehnat tengsizligidan norozilik bildirmoqda. Uyushma ma’lumotiga ko‘ra, ijrochi prodyuser jamoa shartnomasiga zid amaliyot qo‘llash oqibatidan ogohlantirilganiga qaramasdan, tashvishli holat e’tiborga olinmayapti.

– Shov-shuvli nomutanosiblik mavjudligi, tayyorgarlik va mashg‘ulot davomida ijtimoiy muloqot yo‘qligini ta’kidlaymiz, – deya qo‘shimcha qilingan SFA xabarida. – Olimpiada uchun ro‘yxatdan o‘tgan 3 ming nafar professional raqqosadan 300 ga yaqini “sharmandali moliyaviy shart bo‘yicha ishga olingan”.
“Parij-2024” ochilish marosimi uchun ishlab chiqilgan jadvalga ko‘ra, 26 iyul kuni Sena va daryo ustidagi ko‘priklar bo‘ylab o‘tadigan marosim ilk bor stadiondan tashqarida o‘tadi.

XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimi jarayonida Fransiya poytaxti ko‘chalarida 600 ming kishi to‘planishi kutilmoqda. Tashkiliy qo‘mita anjuman muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlash uchun barcha ishtirokchilar ish sharoitiga jiddiy e’tibor qaratilishi, jamoaviy bitim tuzishda qonunga qat’iy rioya qilinishini tasdiqladi. Masalan, raqqosalarga to‘lanadigan haq reglamentda belgilangan eng kam miqdordan oshishi aytilgan.

Xo‘sh, namoyishlar “Parij-2024” o‘yinlarining tantanali ochilishiga tahdid soladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi. Tashkiliy qo‘mita, hukumat va tegishli idoralar esa salbiy holatlarning oldini olish uchun zarur chora ko‘rilayotganini bildirgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA