Namanganlik karatechilarning yorqin g‘alabasi
Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l shahrida sportning karate turi (“WKF”) bo‘yicha o‘tkazilgan “Kyrgyzstan Open” xalqaro turniridan ajoyib xushxabar oldik.
Qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston hamda mamlakatimizdan 500 ga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun kuch sinashgan ochiq musobaqada Namangan viloyatidan yigirmaga yaqin sharqona yakka kurash ustalari tatamiga chiqib, munosib natijalarni ko‘rsatdi.

Xususan, Muhammadsodiq A’loxo‘jayev xalqaro arenada barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, ushbu yosh iqtidor sohibi yuksak texnik mahorati uchun “Eng yaxshi texnika sohibi” maxsus sovrini bilan taqdirlandi.
Musobaqada Dilshodbek G‘aniyev, Yosixon Musoxonov va Abdurahmon Obidov esa, yarim finalga qadar yetib kelib, bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Turnir davomida shogirdlarini yuksak marralar sari ruhlantirib, shohsupaga ko‘tarilishiga salmoqli hissa qo‘shgan Namangan viloyati yakkakurash sport turlari maktabi murabbiyi Abdullo Salimov xalqaro turnir tashkilotchilari tomonidan “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasida g‘olib, deb topildi.

Bunday salmoqli yutuqlar Namanganda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan karateni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tayyorlash hamda jahon maydonlarida munosib qatnashish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning yorqin ifodasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA