Namanganga “Kinokarvon” uyushtirildi
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami oldidan Respublika Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya oyligi” doirasida “Kinokarvon” guruhi Namangan viloyatiga safar uyushtirdi.
San’atkorlar ishtirokidagi “Kinokarvon” tadbirlari doirasida Pop va Chust tumanlari madaniyat markazlarida davra suhbati va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqotlar davomida yurtimizda kino san’atini rivojlantirish, ulug‘ allomalarimiz va zamonaviy qahramonlar obrazini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ijodiy uchrashuvlarda kino ixlosmandlari taniqli san’atkorlardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi.

So‘ng “Men terrorchi emasman” badiiy filmi namoyish etildi. Ta’kidlash joiz, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan ushbu yangi film taqdimoti kinosevarlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Qolaversa, hududlarda o‘tkazilgan “Sinemobil” namoyishlari va musiqiy chiqishlar ishtirokchilarni xursand qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA