Namanganga “Ankai” rusumli zamonaviy avtobuslar olib kelindi
Aholi soni bo‘yicha “Millionlik shahar” maqomiga intilayotgan Namanganda infratuzilmani rivojlantirish, odamlarning jamoat transportiga talab va ehtiyojni qondirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat markazida fuqarolarga yo‘lovchi tashish xizmatlari sifatini oshirish maqsadida yana bir muhim qadam tashlandi.
Davlatimiz rahbarining Namanganga tashrifi hamda transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida belgilangan rejaning navbatdagi bosqichida Namangan shahriga “Malakali avtotrans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Xitoy Xalq Respublikasidan “Ankai” rusumli 12 ta zamonaviy avtobus olib kelindi.

Yangi transport vositalarini foydalanishga topshirish munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda keng jamoatchilik vakillari va faol nuroniylar qatnashdilar. Unda yangi avtobuslar kalitlari haydovchilarga topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov viloyatda jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, jumladan, yangi avtobuslar keltirish, yo‘nalishlarni optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi, keyingi yillarda, Namangan shahrida jamoat transporti xizmatida kuzatilayotgan katta ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtaldi. Yangi avtobuslar ham sohani rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan keng imkoniyatlarning amaldagi ifodasidir.
Yangi avtobuslar Namangan shahrining “Xonobod – Sherbuloq” yo‘nalishida kuniga qariyb 7 mingdan ziyod yo‘lovchiga sifatli va zamonaviy transport xizmati ko‘rsatish imkoniyatlarini ochdi. Dastlabki yo‘lovchilari esa, viloyat faollari hamda nuroniylar bo‘ldi.

Umumiy qiymati 1 million 875 ming AQSH dollariga teng mazkur loyihaning keyingi bosqichida yil yakuniga qadar yana 18 ta avtobus xarid qilinadi.
Yangi avtobuslarning yo‘nalishga chiqarilishi jamoat transporti xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.