Namanganda zamonaviy tibbiy amaliyotlar joriy etilmoqda
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi doirasida Namangan viloyatida yuqori texnologik tibbiy amaliyotlar va xalqaro tajriba almashinuvi davom etmoqda.
Ana shunday amaliyotlardan biri Respublika kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida ispaniyalik endovaskulyar jarroh Anton Xilchuk ishtirokida o‘tkazildi. Jarayonda mahalliy mutaxassislar ham qatnashib, zamonaviy tibbiy usullarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tajriba orttirdi.
Xususan, 59 yoshli bemorda uyqu arteriyalarini stentlash amaliyoti bajarildi. Ushbu muolaja qon tomirlarida qon oqimini yaxshilash va insult xavfini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislar hamda zamonaviy tibbiy texnologiyalarni talab etadi.
Jarrohlik amaliyotidan so‘ng soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darsi ham tashkil etildi. Unda yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni erta aniqlash, skrining tekshiruvlarini samarali tashkil etish, infarkt va insult holatlarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro tajriba almashildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvardagi «O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Farg‘ona vodiysida ushbu kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va bemorlarga o‘z vaqtida yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-31931]
Bu borada yuqori texnologik tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari asosida zamonaviy jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning og‘ir asoratlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA