Namanganda yosh kitobxon oilalar saralandi
Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan "Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani" axborot-kutubxonasida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon oila” Respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘ziga xos bilimlar sinovida tanlovning shahar va tuman saralash bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan 18 ta faol va iqtidorli yosh kitobxon oila ishtirok etdi.
Jamiyatning muqaddas qo‘rg‘oni – oilada ta’lim-tarbiyani to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yishda ota-ona mehri va bilimi bilan bir qatorda kitobning ham alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, kitobxonlikka urg‘u qaratilgan oilalarda kamolga yetayotgan o‘g‘il-qizlar ham har tomonlama komil insonlar bo‘lib yetishadi.

Yosh kitobxon oilalar vakillari tanlov Nizomiga asosan 30 ta kitob asosida tayyorlangan savollarga javob qaytarib, kitobxonlik borasidagi bilimlarini sinab ko‘rdi.

O‘zining zukkoligi, hozirjavobligi va chin ma’noda kitobga bo‘lgan oshnoligini namoyon eta olgan Namangan tumanidagi iqtidorli filologlar Anvar va Mohina juftligidan iborat Jabborovlar oilasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tanlovda faxrli ikkinchi o‘ringa Pop tumanilik Dadaboyevlar oilasi, uchinchi o‘ringa esa Norin tumanilik Turg‘unovlar sazovor bo‘ldi.
Kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan bu kabi tanlovlar eng avvalo, adabiyotga oshufta oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning safini kengaytirish, kitobsevarlarni kashf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA