Namanganda xalqaro turnirga start berildi
Shu kunlarda butun dunyo sport kurashi ixlosmandlarining nigohi Namanganga qaratilmoqda. Boisi, Yangi Namangan tumanidagi muhtasham "Pahlavon" sport majmuasi yana bir nufuzli musobaqa – erkin va yunon-rum kurash turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida birinchi marotaba "O‘zbek botirlari" xalqaro gran-pri turniriga mezbonlik qilmoqda.
Viloyat hokimligi, Sport vazirligi, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi, “7-Saber” milliy kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqaning dastlabki kunida mamlakatimizning barcha hududlari, shuningdek Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasidan kelgan 140 nafar sportchi 60 kilogrammdan 130 kilogrammgacha bo‘lgan oltita vazn toifasida yunon-rum kurashida bahslarga kirishdi.


– Namanganda bo‘lib o‘tayotgan Gran-pri musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi. Ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan ko‘pgina davlatlardan sportchilarning jalb qilingani tahsinga sazovor. Turnir ishtirokchilarining tatamidagi mahoratlarini 15 nafar xalqaro toifadagi hakam baholab borishmoqda, - deydi xalqaro turnir bosh hakami, Olimpiya toifasidagi referi To‘ymurod Adizov. – Musobaqa mamlakatimiz sportchilari uchun yozgi Olimpiya o‘yinlariga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi. Qolaversa, MDH mamlakatlarining mohir kurashchilari bilan tajriba o‘rganishda ham muhim ahamiyatga ega.


Sport majmuasi muxlislar bilan to‘lib-toshganligining o‘ziga xos sabablari bor. Musobaqada Elmurod Tasmurodov, Aram Vardanyan, Bekzod Abdurahmonov, Shermuhammad Sharifjonov, Ixtiyor Navro‘zov kabi mamlakatimizning nomdor sportchilarining gilamga chiqishi kutilmoqda.
– Yurtimizda kurash turlari tobora ommalashib borayotganidan xursandmiz. Gran-pri turnirlari biz sportchilarni toblaydi. Bugungi musobaqada ham kuchsiz raqiblarning o‘zi yo‘q. Dastlabki uchrashuvda qozog‘istonlik nomdor raqibimni yengdim,–- deydi Farg‘ona viloyati vakili, yunon-rum kurashi bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati sovrindori Muhammmadqodir Rasulov. – Nasib qilsa, “O‘zbek botirlari” musobaqasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilish uchun astoydil harakat qilaman.


Ertaga, musobaqaning ikkinchi kunida bahslarni erkin kurash bo‘yicha ishtirokchilar davom ettirishadi. Xalqaro turnirda faxrli birinchi o‘rin uchun 15 million so‘m, ikkinchi o‘ringa 8 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun 5 million so‘mdan pul mukofotlari taqdim etiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri