Namanganda Usmon Nosir haykali o‘rnatiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida 2022 yil xassos shoir Usmon Nosirning 110 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash haqida gapirgan edi.
Usmon Nosir – o‘zbek shoiri, tarjimon, dramaturg. 30-yillarning boshlaridayoq u o‘z dunyoqarashi orqali o‘zbek she’riyatiga yangicha oqim olib kirib, unga o‘z hissasini qo‘shgan shoir sifatida tanilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yil noyabr oyida Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi mamlakatimizda adabiyot va san’at bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Shuningdek, Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida tarixchi olimlar va ijodkorlardan iborat ishchi gyruhi tarkibi tuziladi.
Mazkur ish guruhiga shoirning hayoti va ijodini o‘rganishda nafaqat O‘zbekistonda balki Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan ham tanishishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.
Shuningdek, Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini o‘rnatiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi. Usmon Nosirning “Tanlangan asarlar” to‘plami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobi nashr etiladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
Kelgusida Usmon Nosirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film suratga ol spektakllar sahnalashtirish, musiqa asarlari va qo‘shiqlar, Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish rejalashtirilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Unutmas meni bog‘im” mavzuida insholar tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA