Namanganda uch avlod vakillari uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi oldida to‘plangan bir guruh nuroniylar “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarida ishtirok etish uchun joylarga tashrif buyurdi.
Ishtirokchilar uchta zamonaviy avtobusda harakat xavfsizligi idoralari kuzatuvida dastlab Namangan shahridagi “Barkamol avlod” yoshlar kichik sanoat zonasi tomon yo‘l oldi. Ular “Master class dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, bejirim poyabzallar ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Loyiha qiymati qariyb 15 milliard so‘m bo‘lgan korxona yiliga 10 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Nuroniylar korxonada ish o‘rganuvchi yoshlar bilan suhbatlashdi, ularga halol mehnat – ketmas davlat ekanini uqtirdi.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi Namangan shahar bo‘limi rahbari A. Nasriddinov tashrif buyurganlar e’tiborini ushbu yoshlar kichik sanoat zonasi ko‘rsatkichlariga qaratdi. Qariyb 10 gektar maydonni egallagan sanoat zonasida 46 ta loyiha bor. Ularning 18 tasi o‘z faoliyatini boshlagan. Jumladan, “Sifat yogʻoch” mas’uliyati cheklangan jamiyatida hozirda 70 nafardan ziyod yigit-qiz ishlamoqda. Korxona to‘la quvvat bilan faoliyat yuritsa yiliga 31 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqariladi.
[gallery-10966]
“Uch avlod uchrashuvi” ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Yuksalish” kichik sanoat zonasidagi poyabzal ishlab chiqarish korxonasi bo‘ldi.
“Botir Muhammadali” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 100 ga yaqin jamoa a’zosi mehnat qiladi. Poyabzal ishlab chiqarishda yangi texnologiyalardan foydalanib kelayotgan korxonada ishlab chiqarish hajmi tobora ortmoqda.
Tadbir ishtirokchilari korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifati, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Hududdagi yana bir korxona – “Gaymur tekstil 2020” MCHJda asosan turli o‘lcham va turli ko‘rinishdagi ko‘rpa va ko‘rpachalar, yostiq va choyshablar tayyorlanadi. Xalq tilida “tuya ko‘rpa” deb ataluvchi bu mahsulotlar har bir oilaga eng kerakli ashyo hisoblanadi.
Avvalda Xitoydan keltiriladigan bunday ko‘rpalar narxi 400-500 ming so‘mdan edi. Mahsulot xomashyosi o‘zimizda tayyorlanayotgani uning tubdan arzonlashuviga sabab bo‘ldi. Hozir o‘sha ko‘rpaning narxi 80 ming so‘m.
Bu yerda bo‘lgan uchrashuv ishtirokchilari tadbirkor mahsuloti nihoyatda kerakli ekanligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda barcha joylarida bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham inson qadrini ulug‘lash yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni “Navbahor” majmuasida davom etgan “Uch avlod” uchrashuvi darajasining ko‘lamidan ham bilish mumkin. Viloyatda xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan o‘nglab fidoyi yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyati muhrlangan hujjatli filmlar namoyishi, kuy-kuyga, qo‘shiq-qo‘shiqqa ulanishi bu yerga taklif etilgan shaxslar qalbini quvonchga to‘ldirdi.
Viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni qizg‘in muborakbod etdi. Katta avlod vakillarining boy hayoti, tajribasi o‘rta va yosh avlod vakillari uchun chinakam maktabdir. Bu maktabning samarasi nuroniy otaxon va onaxonlarning foydali ishlari, tavsiya va nasihatlari keyingi avlod vakillari tomonidan qay darajada o‘zlashtirib olinayotganligi bilan baholanadi. Bu masalada viloyatda ijobiy tajriba ko‘p to‘plangan.
To‘kin dasturxon atrofidagi xushchaqchaq suhbatlardan nuroniylarning ham, yoshlarning ham ko‘ngli baravar taskin topdi. Ular Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda shaxsiy ibrat ko‘rsatishni qalblariga tugib olgani aniq.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA