Namanganda o‘quv markazlari o‘quvchilarni tayyorlaydi
Namangan viloyatida autsorsing shaklida o‘quv kurslari joriy qilinib, o‘quvchilar xorijiy tillarni o‘rganib, oliy ta’lim muassasalariga bepul tayyorlanadi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan maktab ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘quvchi-yoshlarga xorijiy tillarni chuqur va mukammal o‘rgatish barobarida ularni oliy ta’limga tayyorlash borasida taklif bilan chiqdi. Mazkur tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, viloyatda o‘qish sifati past bo‘lgan maktablarga nodavlat o‘quv muassasalari tajribalarini amalda qo‘llagan holda autsorsing shaklida ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
- Viloyat shahar va tumanlaridagi 29 ta maktabda joriy qilinadigan bu kabi ta’lim tizimiga ehtiyojmand oilalarning farzandlari bo‘lgan jami 580 nafar 10-sinf o‘quvchisi qamrab olinadi, - deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov. - O‘quv kurslari mashg‘ulotlari, saboqlar va dars jarayonlarini mukammal va namunali tashkil etish maqsadida nodavlat ta’lim tashkilotlari tender usulida tanlab olinadi. Talablarga ko‘ra, o‘quv kurslari mashg‘ulotlarini olib boruvchi pedagoglar yuqori malakali, xalqaro miqyosda tan olingan, eng kamida 6 ball darajada IELTS yoki unga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lishi, mashg‘ulotlar haftada uch kun ikki soatdan tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur jarayon bir yil davom etib, kurslarga jalb qilingan o‘quvchilarning o‘quv kursi yakuni bo‘yicha kamida 5,5 ball darajadagi IELTS sertifikatiga ega bo‘lishi kabi mezonlar belgilangan. E’tiborlisi, loyiha qiymati 1 milliard 824 million so‘mga teng autsorsing ta’lim jarayonlari o‘quvchilar uchun mutlaqo bepul bo‘lib, nodavlat ta’lim muassasalarining bu boradagi faoliyati viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahalliy byudjetdan orttirilgan mablag‘lar hisobiga qoplab beriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA