Namanganda MIB xodimlari o‘zaro bahslashdi
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida mini futbol bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda MIB viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlarida 340 nafar xodim mehnat qilmoqda. Xodimlar haftada ikki marotaba ishdan so‘ng o‘zlari qiziqqan sport bilan shug‘ullanishmoqda. Ayniqsa, byuro organlari xodimlari o‘rtasida turli sport musobaqalari muntazam tashkil etilmoqda.
Navbatdagi turnirda tizimdagi boshqarma va bo‘limlardan iborat havaskor jamoalar maydonga tushdilar. 1-sonli futbol mahorati maktabiga qarashli zamonaviy maydonlarda kechgan murosasiz bahslar barchada qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, yarim final va final bellashuvlari shiddatkor ruhda kechdi. Yarim finalda Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on, Davlatobod va Yangiqo‘rg‘on tumanlari jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqaning hal qiluvchi final uchrashuviga chiqqan byuroning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi vakillari darvozasiga javobsiz sakkizta gol urgan MIB Namangan shahar bo‘limi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Finalda yengilgan uchqo‘rg‘onliklar ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Davlatobod tumani jamoasi esa faxrli uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi to‘purar” kabi nominatsiya sohiblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA