Namanganda g‘alla o‘rimiga kirishildi
Yurtimiz dalalarida g‘allaga o‘roq tushdi. Namangan viloyati dehqonlari ham yaxshi niyatlar bilan g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishdi.
Pop tumanidagi "Mirzaorol urug‘chi" fermer xo‘jaligida 2024 yil hosili uchun yetishtirilgan boshoqli don hosilini nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida uyushqoqlik bilan yig‘ib olish hamda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminarida viloyat sektor rahbarlari, tuman hokimlari, klasterlar, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari mutasaddilari, muqobil mashina traktor parki raislari, fermer xo‘jaliklari va o‘rimga biriktirilgan otryad boshliqlari ishtirok etdi.
Dastavval, kun tartibidagi masala yuzasidan mas’ul mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini talab darajasida o‘tkazish, hosildan bo‘shagan yerlarga takroriy ekinlarni kechiktirmasdan ekish, ularning parvarishi borasida tegishli tavsiyalar berdi.
Seminarda moddiy yordamga muhtoj oilalarga yer biriktirib berish lozimligi qayd etildi. Natijada kam ta’minlangan, ehtiyojmand va ishsiz aholi xonadonlari otaliqqa olinadi. Ijtimoiy daftarlardagi mehnatga layoqatli vaqtinchalik ishsiz fuqarolarga urug‘lik bug‘doy, somon press va takroriy ekin ekish uchun yer maydoni beriladi. Ular sabzavot, kartoshka, dukkakli, moyli va chorva kabi ozuqa ekinlari yetishtiradi.
Tadbirda g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumni ko‘ngilli va uyushqoqlik bilan o‘tkazishni niyat qilib, jonliq so‘yildi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, Yaratgandan yangi hosilga qut-baraka so‘rashdi.
[gallery-17717]
Eslatib o‘tamiz: 2024 yil mavsumida Namangan viloyatida 68 ming gektar maydonda boshoqli don yetishtirilgan bo‘lib, hosilni jami 243 ta kombayn yordamida saranjomlab olish maqsad qilingan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari