Namanganda g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi
Dasturxonlarimiz ko‘rki, baraka omili – mazali nonlarni tanovul qilganda, beixtiyor ko‘z o‘ngingizdan bobodehqonlarning zahmatli mehnatlari o‘tadi.
Namangan viloyati Pop tumanida birinchilardan bo‘lib bug‘doy hosilini yig‘ishga kirishildi. “Barno Dono Dunyobek” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan seminarda Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi mutasaddilar, barcha tuman hokimlari, fermerlar, agrotexnika ekspertlari va g‘alla otryadlar rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekish, ehtiyojmand oilalarga yer ajratish orqali mavsumiy ish o‘rinlari yaratish kabi ishlar agrotexnik talablarga mos tarzda olib borilishi lozimligi ta’kidlandi. Mavsum boshlanishi munosabati bilan jonliq so‘yilib, duo qilindi.

Qayd etilganidek, Pop tumanida joriy yil g‘alla mavsumi uchun 10 ming 517 gektar maydonga don ekilib, 34 ming 578 tonna hosil reja qilingan. Buning uchun 42 ta g‘alla o‘rish otryadi va 42 ta zamonaviy kombayn shay holga keltirilgan. Qolaversa, 195 ta avtotransport, ko‘chma uylar va barcha shart-sharoitlar ta’minlangan.


Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatida joriy yil boshoqli don hosili uchun jami 66 ming gektar maydonlarga g‘alla ekib parvarish qilinib, har gektaridan o‘rtacha 87,3 sentnerdan 576 ming tonna don yetishtirilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, 197 ming tonnasi davlat va jamiyat resurslari uchun jamg‘arish belgilangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.