Namanganda ekologik toza transport qatnovi kengaytiriladi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, aholiga qulay va zamonaviy transport xizmatlarini ko‘rsatish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevralda qabul qilingan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida viloyatda jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy avtobuslar sonini ko‘paytirish va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda o‘tgan davrda viloyat tadbirkorlari tomonidan Namangan shahri uchun 108 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, ularning 10 ta yo‘nalishda belgilangan tartibda qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Endi shahar aholisiga ekologik toza va zamonaviy transport xizmatlarini kengaytirish maqsadida “Turon-95 MBI” MCHJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 125 ta zamonaviy avtobus xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Ayni paytda ushbu shartnoma doirasida 10 ta “Zhongtong” rusumidagi elektrobus Namangan shahriga olib kelindi.
[gallery-31649]
Elektrobuslarning xizmat ko‘rsatish jarayonida 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy elektrobuslarni Namangan shahrining yo‘l-transport bosh rejasiga muvofiq, tender asosida “Otchopar – Chorsu” yo‘nalishiga biriktirish hamda belgilangan tartibda muntazam qatnovlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Yangi transport vositalarining yo‘nalishga chiqarilishi shaharda jamoat transporti tizimini yanada takomillashtirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA