Namanganda «Ayaks» futbol akademiyasi ochildi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Namangan shahrida Niderlandiyaning mashhur «Ayaks» futbol klubi akademiyasi o‘z faoliyatini boshladi.
Akademiyaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar, sport faxriylari, yosh futbolchilar, muxlislar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, akademiya «Navbahor» futbol klubi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda niderlandiyalik mutaxassislar yosh futbolchilarni Yevropa futbolida qo‘llanilayotgan zamonaviy tayyorgarlik tizimi asosida mashg‘ulotlarga jalb etadi.
[gallery-31191]
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning mahoratini oshirish va milliy hamda xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok eta oladigan futbolchilarni tayyorlashdan iborat.
So‘nggi yillarda Namangan viloyatida futbolni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Jahon chempionati–2026 saralash bosqichida «Navbahor» klubi futbolchilari O‘tkir Yusupov va Ruslanbek Jiyanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil iyun oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida «Markaziy» stadion hamda «Ayaks» akademiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda stadion maydoni xalqaro talablar asosida rekonstruksiya qilinib, futbolchilarning samarali mashg‘ulot olib borishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.
«Ayaks» akademiyasining Namanganda faoliyat boshlashi viloyatda bolalar va o‘smirlar futboli rivojini yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni saralash va ularning mahoratini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA