Namangan: Yangi O‘zbekistonning farovon manzillari
Namangan viloyati kun sayin chiroy ochib bormoqda desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Barcha shahar-tumanlarda, shu bilan birga eng chekka va olis qishloqlarda ham barpo etilayotgan bir-biridan ko‘rkam binolar, turar-joylar hududlar qiyofasiga o‘zgacha chiroy baxsh etmoqda. Bunday bunyodkorlik, albatta, aholining farovonligi va turmush sharoitining yaxshilanishiga ham xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Namangan viloyati Pop tumanining Mirishkor, Chust tumanining Gulzor dahalari va Davlatobod tumanining Yangi Namangan shaharchasida 971 ta xonadonli 27 ta ko‘p qavatli uy hamda qator infratuzilma ob’ektlaridan iborat ko‘rkam massivlar barpo etilmoqda.
Mazkur massivlarda barpo etilishi belgilangan turar-joy binolari bosh rejasi hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari hamda “Qishloqqurilishloyiha” davlat unitar korxonasi Namangan viloyati filiali mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqildi.
Masalaning dolzarbligidan kelib chiqib hamda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash niyatida 2023 yil 13 aprelda mamlakatimiz rahbarining “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Pop tumanida 29 gektarda 320 xonadonli 16 ta uy va Chustda 16 gektarda 280 xonadonli 14 ta ko‘p qavatli uylar qurildi.
Ushbu massivlarda ijtimoiy soha ob’ektlaridan 360 o‘rinli ikkita bolalar bog‘chasi, ikkita qishloq oilaviy shifokorlik punkti barpo etildi. Kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari – 40,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish va oqava tozalash tizimi hamda ikkita inshoot qurish ishlari 100 foizga bajarildi. Elektr ta’minoti tizimi bo‘yicha 5,6 kilometr elektr tarmog‘i va olti dona transformator punkti o‘rnatildi. Isitish tizimi bo‘yicha ikkita qozonxona qurish va 5,4 kilometr tarmoq tortish ishlari to‘liq yakunlandi.
Qadimiy Chustda ham ma’murchilik va bunyodkorlik ishlari samaralari o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Tumandagi Chust gulzori mahallasidagi 29 gektarlik hududda “Yangi O‘zbekiston” massivi qad rostlamoqda. Joriy yilda mazkur massiv uchun 220 xonadonli 11 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda.
Hozirgi kunga kelib, mazkur go‘shada 120 xonadonli oltita turar-joy foydalanishga topshirildi. Dasturga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida o‘tgan 2023 yilda 280 xonadonli 14 ta uy, 2022 yilda 300 xonadonli 15 ta uy kalitlari o‘z egalariga tuhfa qilindi.
“O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi ijrosi asosida 2026 yilgacha mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston massivi”da ko‘pqavatli uylar qurilishida tejamkor qurilish materiallaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, bunyodkorlik jarayonlarida ilmiy yondashuv, zamonaviylik, jahon tajribalarini qo‘llash bugungi kunning asosiy talabidir.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo qilinayotgan pishiq, mustahkam uy-joylar birinchi navbatda, xavfsizlikni ta’minlaydi, muhandislik-transport kommunikatsiyasi, ishlab-chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining kompleks tarzda qurilgani esa farovon yashash uchun qulay imkoniyatlarni beradi.
– Inson hayoti davomida uning eng katta ehtiyojlaridan biri bu barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joyga ega bo‘lishdir. Yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgani natijasida “Yangi O‘zbekiston” massivida uy-joyga ehtiyojmand aholi uchun ko‘pqavatli uylar barpo etilmoqda, – deydi Madina Qoraboyeva. – Biz ham yangi mahalladagi yangi uydan oilamiz bilan imtiyozli ravishda xarid qilib, chiroyli va ko‘rkam xonadonga ko‘chib o‘tdik.
Quvonarlisi shundaki, yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yangi uyga kirib kelishingiz bilan bahru dilingiz ochiladi. Gaz, suv, elektr ta’minoti bir maromda yetkazib berilgan.
E’tiborlisi, har bir xonaga kirish-chiqishda elektr chiroqlari avtomatik ravishda o‘zi o‘chib-yonadi. Bu esa, foydalanilgan quvvat uchun to‘lovlarni tejash bilan bir qatorda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘laqonli amal qilishni ta’minlaydi. Bunday imkoniyatlar qishloq barcha uchun ayni muddaodir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.