Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
“2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yil 11-iyunda qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026-2027-yillarda 20 ta “chempion” tadbirkorlarni tanlab olib, korxonalarda mehnat unumdorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Bunda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan birgalikda ishlab chiqarishni maqbullashtirish va mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan tejamkor ishlab chiqarish (Lean Six Sigma) dasturi amalga oshiriladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda “Kichik biznesga maslahat” dasturi doirasida barcha yo‘nalishlarda konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hamda bankning arzon moliyaviy mahsulotlarini ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishish nazarda tutiladi.
Namangan shahri Sharq tongi mahallasidagi Samarqand va Ko‘zagarlik ko‘chalari Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Zarqaynar ko‘chasi namunasi asosida milliy me’morchilik, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy servisni o‘zida mujassam etgan “Eski shahar” turizm majmuasiga aylantiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan Yangiqo‘rg‘on tumani 2-sonli texnikum hamda Chortoq tumani 1-sonli texnikumda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan xizmat ko‘rsatish va turizm sohasida Yevropa andozalari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikumlarning 2 yillik kasbiy ta’lim dasturlarida o‘qitish davlat granti asosida amalga oshiriladi va bitiruvchilarga davlat namunasidagi kasbiy ta’lim to‘g‘risida diplom beriladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA