Namangan shirmoy nonining mazasi o‘zgacha
FOTOREPORTAJ
O‘zbek tandir noni betakror mazasi bilan dovrug‘i dunyoga tanilgan. Ko‘rinishi, shakli, yasalish uslubi va ta’mi bilan har bir viloyat noni bir biridan farqlanadi.
Namangan o‘z shirmoy noni bilan mashhur. Bu non shirmon, shirmol nomlari bilan ham ataladi.
Shirmol – fors-tojik tilida “sutli non”, degan ma’noni anglatib, uning shirmon kulcha, shirmon patir, qo‘shaloq shirmoy, payvand, obu hol, olcha gulli shirmoy kabi turlari bor. Shirmoy nonning vatani Namangan hisoblanib, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon shaharlarida ham tayyorlanadi. Ammo, har bir hudud nonining ta’mi bir-biriga o‘xshamaydi. Namangan shirmoyi uzoq muddat o‘z mazasi va holatini saqlab qolishi bilan ham o‘zgacha.
[gallery-11742]
Shirmonpazlar nonning tayyorlanish jarayoniga katta e’tibor beradi. Xamirturush mijg‘itguvchi, achituvchi vazifani bajarib tayyorlangan nonlar g‘ovak va ko‘rinishi chiroyli bo‘ladi. Bu g‘ovaklar nonning tez hazm bo‘lishiga yordam beradi. Shirmoy xamiri uchun xamir paygir solinadi. U no‘xat va arpabodiyon damlamasiga un qo‘shib tayyorlanadi. Xamir paygir xamirturush vazifasini bajaradi. No‘xat va arpabodiyon damlamasiga un solib aralashtirib 12 soat mobaynida ko‘pirtirilsa xamirturush tayyor bo‘ladi. Tayyor paygirni bug‘doy uni bilan qo‘shib, xamir qoriladi. Yaxshilab qorilgan xamir kamida 2 soat tindiriladi. Ko‘pchib chiqqan xamirdan 200-600 gramm zuvala uzib olinib, qo‘lda yoyiladi. Pichoq yordamida shakl berilib, pardozlanadi. Shirmoy usti kunjut, sedana bilan bezatilishi mumkin. G‘o‘zapoya cho‘g‘ida pishirilgan shirmoyning ta’mi ayniqsa, o‘zgacha bo‘ladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA