Namangan shahri boshqaruvi raqamli platformaga o‘tadi
Davlatobod tumanida joylashgan viloyat vaziyatlarni boshqarish markazida Namanganda joriy etilishi rejalashtirilayotgan “Aqlli shahar” dasturiy majmuasi taqdimoti bo‘ldi.
Unda O‘zbekiston Prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Normatov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, huquqni muhofaza etuvchi idoralar hamda tegishli korxona, tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – "Uzinfocom" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan “Aqlli shahar” dasturiy kompleksi mutaxassislar tomonidan aniq misollar asosida tushuntirib o‘tildi.

Konsepsiyaga muvofiq, Namangan shahar vaziyatlar markazi shtabi tuzilib, doimiy ishchi tarkib hamda yo‘nalishlar bo‘yicha jalb etiladigan tashkilotlar vakillaridan iborat holda shakllantiriladi. Shtab Namangan shahri hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy, kommunal, xavfsizlik, qurilish-ekologiya, jamiyat va turizm hamda aholi murojaatlari bo‘yicha vaziyatni har kuni monitoring qiladigan, muammoli holatlarni aniqlaydigan, mas’ul tashkilotlarga topshiriqlarni yo‘naltiradigan va ijroni yakuniga qadar nazorat qiladigan ishchi organ hisoblanadi.

Tadbirda shtab faoliyatining maqsad va mohiyati, vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shtab viloyat markazidagi muammolarni raqamli ma’lumotlar, xaritalar, murojaatlar va ijro natijalari asosida boshqarish hamda rahbariyatga har kuni aniq, ishonchli va qaror qabul qilishga tayyor axborot taqdim etishga e’tibor qaratadi.

“Aqlli shahar” dasturi kommunal xizmatlar sohasini raqamlashtirish, muhandislik infratuzilmasini zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadamdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.