Namangan shahri anvoyi gullar og‘ushida
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida joriy yil 22 maydan 5 iyuniga qadar Namangan shahrida xalqaro “Gullar festivali” bo‘lib o‘tadi. Festival haftaligi doirasida gullarga burkangan avtomobillar paradi, modalar haftaligi, estrada yulduzlarining konsert shou dasturlari, sportchilarning chiqishlari va mahorat saboqlari, professional dizaynerlarning gala shousi, “Kamoliddin izdoshlari” respublika ko‘rik tanlovi, “Ochiq osmon ostida” konsert dasturlari va boshqa ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Namangan – gullar shahri. Har bir ko‘cha, hovli gullar bilan bezatiladi. Xonadon egalari maxsus tuvaklarda va gulzorlarda o‘zlarining gullarini yetishtiradi. Viloyatda gulchilik sohasini rivojlantirish uchun Namangan viloyati hokimligi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Shaharda gullarning yangi navlarini yaratish, ularni klonlash va turlarini xilma-xil qilish bo‘yicha o‘z laboratoriyasiga ega bo‘lgan Gulchilar assotsiatsiyasi tashkil etilgan. Ushbu festival doirasida maxsus yer uchastkalari ajratilib, zarur infratuzilma yaratildi. Bu yerda issiqxona xo‘jaliklarida namanganlik gulchilar mingdan ziyod bir yillik, ko‘p yillik va boshqa turdagi xilma-xil gullarni parvarishlamoqda.

“Gullar festivali – 2022” doirasida bayram tantanalari Z.M.Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida nishonlanadi. Bu yerda festivalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda hukumat vakillari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, chet ellik mehmonlar, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashadi. Bu yil 61- “Gullar festivali”ni nishonlayotgan Namangan shahri har yili dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan sayyohlar va OAV vakillarini qabul qiladi.
Ishtirok etuvchilar soni yildan yilga ko‘paymoqda. Shuni inobatga olgan holda mahalliy hokimiyat bayram tadbirlarini yaqin atrofdagi bog‘lar, xiyobonlar va maydonlarga ham o‘tkazib festival ko‘lamini kengaytirdi. Bayram doirasida Z.M. Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida 10 milliondan ortiq gullar ekilgan bo‘lib, shahar bo‘ylab ekilgan gullar bilan hisoblaganda 25 million donani tashkil etadi.

Bayram tadbirida tajribali gulchilar, gullarni yetishtirish havaskorlari ham ishtirok etadi. Landshaft dizayn mutaxassislari o‘z san’at namunalarini namoyish qiladi. Shuningdek, ekibana va guldasta ustalari bellashadi. Ishtirok etish istagini bildirgan korxona va tashkilotlar dizaynning o‘ziga xosligi va gullarni bezash mahorati bo‘yicha raqobatlashadi.

Tanlov g‘oliblari festival yakunida qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Uchta nominatsiya g‘oliblari “Lasetti” avtomashinasi, keyingi o‘rinlar g‘oliblariga pul va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.

Yopilish marosimi Namangan shahrining Afsonalar vodiysi madaniy-ko‘ngilochar bog‘ida bo‘lib, estrada yulduzlari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA