Namangan obod va ko‘rkam maskanga aylanib bormoqda
Tashrifdan tashrifgacha
Prezidentimizning hududlarga tashrifi, eng avvalo, inson qadri va sha’nini ulug‘lash, elimiz farovonligi va turmush darajasini yanada yaxshilash, shahar va tumanlarning mavjud resurs va imkoniyatlaridan oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot hamda infratuzilmani tubdan rivojlantirishda muhim o‘rin egallaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 16-17-sentabr kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida salmoqli loyihalar bilan tanishib, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish, aholining yashash sharoitini yuksaltirish borasida dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar asosida olib borilgan amaliy ishlar natijasida Namangan ko‘plab jabhalarda o‘z o‘rnini topdi.
E’tirof etish darkor, Namangan viloyatida o‘tgan yil yakunlari bilan yalpi hududiy mahsulot 85,4 trillion so‘mni tashkil etib, 108,2 foizga o‘sishi ta’minlandi. Viloyatda o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi 40,1 trillion so‘mni, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 72,3 trillion so‘mni tashkil qildi. Bu borada Namangan shahri, Norin, Pop va Uchqo‘rg‘on tumanlarida yuqori samaradorlikka erishildi.
So‘nggi yillarda yengil sanoat yo‘nalishida to‘qimachilik, trikotaj, poyabzal, aksessuarlar va maishiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida tub yangilanishlar kuzatilmoqda. Yangi tashkil etilgan zamonaviy korxonalar, joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar va xalqaro hamkorlik asosida ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar sanoat salohiyatini yanada oshirmoqda. Bugungi kunda Namangan ayni yo‘nalishdagi yutuqlari bilan nafaqat respublika, balki xalqaro bozorda ham munosib o‘rin egallab bormoqda.
Respublikaning kichik biznes va sanoat markaziga aylangan Namanganda ishbilarmonlik muhiti uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo etilgani natijasida tadbirkorlar soni tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda viloyatda 23 ming 200 dan ziyod kichik biznes sub’ektlari faol ishlamoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 574 yangi sub’ekt tashkil etildi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tarmoqlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning 4 ming 362 tasi sanoat, 1 ming 387 tasi qurilish, 1 ming 930 tasi qishloq xo‘jaligi hamda 15 ming 563 tasi savdo, servis kabi yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar kutilgan natijalarni bermoqda. 2025-yilning o‘zida xorijiy investorlar sarmoyalari natijasida 3,3 millard dollarlik 1 ming 239 ta loyiha muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Sarmoyalarni jalb etishda Namangan shahri, Davlatobod va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida faollik ko‘zga tashlandi.
Mamlakatimiz rahbarining o‘tgan yilning sentabr oyida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida mahallalarni obod qilish bo‘yicha muhim tashabbus ilgari surilib, “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturini amalga oshirish belgilangan edi. Bu borada Namangandagi mavjud 754 mahalla fuqarolar yig‘inida vazifalar ijrosiga kirishildi.
Ayniqsa, “og‘ir” hududlarga doimiy e’tibor qaratilishi tufayli vaziyat yanada barqarorlashishiga erishildi. Bugungi kunda viloyatda “yashil” toifadagi mahallalar soni 486 ta, “sariq” toifadagi 226 ta va “qizil”toifadagi mahallalar soni 42tani tashkil qilmoqda.
Prezidentimiz Namanganda qisqa vaqt ichida kambag‘allik 2,5 barobar kamaygani, tadbirkorlik loyihalari ko‘paygani, o‘rtacha oylik 4,5 million so‘mga yetgani hisobiga ikki yilda migratsiyadagi 62 ming odam qaytganini e’tirof etgandi.
Qayd etish darkor, 3 million 202 mingdan ziyod aholiga ega bo‘lgan Namangan viloyatida kambag‘al kishilar soni 2024-yilda 238 mingni (7,6 foiz) tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan besh oyi yakunlariga ko‘ra, 20,3 mingga kamaytirildi. Natijada kambag‘allik darajasi 2,7 foizga tushirildi.
Viloyatning shahar va tumanlarida ishlab chiqarish sur’atlari oshib borayotganligi, yangidan yangi korxonalar barpo etilayotgani natijasida migrantlarning yurtimizga qaytishi faollashdi. Jumladan, o‘tgan yilda 54,1 ming, shu yilning yanvar-may oylari davomida 38 ming hamyurtlarimiz o‘z oilalari bag‘riga qaytib, o‘zimizda ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi.
Namangan keyingi yillarda turizm salohiyati bilan dunyo jamoatchiligini o‘ziga rom etmoqda. Viloyatning so‘lim va manzarali tog‘ yon bag‘rida joylashgan Pop tumanining Chodak va Yangiqo‘rg‘on tumanining Nanay qishloqlari “Turizm qishlog‘i” maqomiga ega bo‘ldi. Viloyatda mehmonxonalar va xostellar soni 800 taga yaqinlashdi.
Ayniqsa, xalqaro darajaga ko‘tarilgan gullar festivalining nufuzi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Oltmish beshinchi bor o‘tkazilayotgan joriy yildagi nafosat va go‘zallik anjumani Ginnesning rekordlar kitobiga rasman kiritildi. Uning doirasida Ginness ishchi guruhi bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan birgina Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining o‘zida 29 milliondan ziyod gul ko‘chatini qo‘lda ekish jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.
Umuman olganda, gullar festivali munosabati bilan 150 milliondan ziyod gullar o‘tqazildi. Buning natijasida viloyatga mahalliy va xorijiy turistlarning oqimi yanada ortib, shu yilning o‘tgan davrida sayyohlar soni 6,9 millionga yetdi.
Prezidentimiz tashrif buyurgan Namangan xalqaro aeroporti keyingi yillarda tubdan o‘zgarib, ayni damda ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Vodiy havo darvozasi hisoblangan Namangan xalqaro aeroporti hudud turizm va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
[gallery-30049]
Mazkur aeroportda davlat-xususiy sherikligi asosida yo‘lovchi terminalining qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yerda shu yil oxirigacha soatiga 1 ming 200 yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal, 2027-yil yakuniga qadar esa, kunlik quvvati 50 tonnalik Kargo terminali ishga tushiriladi. Buning uchun davlat byudjeti mablag‘lari hamda “Namangan Eyr Solyushn” korxonasi sarmoyasi hisobidan 140,4 million dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirilmoqda.
Soatiga ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan uch qavatli yangi terminal maydonida chegara nazorat va viza bo‘limlari, biznes-zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti, “duti fri” zonasi, vodiyda yagona kargo tizimi tashkil etiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari