Namangan delegatsiyasi Afg‘onistonda
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ayni kunlarda amaliy tashrif bilan qo‘shni Afg‘oniston davlatida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibidan hokim o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 30 dan ortiq yirik tadbirkorlar va investorlar o‘rin oldi.

Afg‘onistonga tashrifdan asosiy maqsad O‘zbekistonning sanoat va xususiy tadbirkorlik markazi hisoblangan Namangan viloyatining eksport salohiyatini oshirish, o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Tashrif davomida Afg‘oniston Islom Respublikasining yuqori martabali vakillari bilan uchrashuvlar, konferensiyalar va savdo muzokaralari o‘tkazilmoqda.

Safarning ilk kuni Qobul shahrida Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan rasmiy uchrashuvdan boshlandi. Shundan so‘ng, tashkil etilgan biznes forum Namangan hamda Afg‘oniston tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Forum doirasida tadbirkorlar o‘rtasida “B2B” formatdagi muloqotlar uyushtirilib, unda aniq loyihalar bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya tashrif dasturi doirasida Balx viloyatiga ham borib, bu yerda mahalliy hokimlik va xususiy sektor vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Qolaversa, Mozori Sharifda o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasi ochilishi, ularning sifati va xilma-xilligi namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA