Namangan ahli referendumga befarq emas
Yurtimizda namanganlik futbol ishqibozlari azaldan millionlar o‘yinining chinakam muxlislari sifatida dovruq qozongan. Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi futbol bo‘yicha barcha darajadagi turnirlarda stadionlarga eng ko‘p tomoshabin Namanganda to‘planadi. Vodiylik ishqibozlar bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining maxsus sovriniga ham ega bo‘lgan. Ular hatto Osiyo futbol konfederatsiyasi miqyosida ham e’tiroflarga sazovor bo‘lishgan. Namanganlik muxlislarning yakdilligi Davlatobod tumanidagi "Markaziy" o‘yingohda bo‘lib o‘tgan "Referendumda faol ishtirok etaman" degan ezgu maqsadni o‘ziga qamragan targ‘ibot tadbirida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.

Stadionga to‘plangan o‘n minglab hamyurtlarimizga chinakam bayram kayfiyatini ulashish maqsadida poytaxtimizdan kelgan sport, madaniyat, sanoat nomoyandalari ishtirokida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, xususan, millionlar o‘yini futbolni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu g‘amxo‘rlik yaqinda yana bir karra o‘z samarasini berib, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-20) futbolchilari Osiyo chempionligini qo‘lga kiritib, jahon chempionatiga yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Terma jamoa tarkibida Namangan viloyatida kamol topgan uch nafar umidli charm to‘p ustasi to‘raqo‘rg‘onlik Umarali Rahmonaliyev, kosonsoylik Po‘latxo‘ja Xoldorxonov va Namangan shahridan Asadbek Jo‘raboyevlarning ham borligi diqqatga sazovor.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘z davrida jahon va Osiyoning eng yaxshi hakami bo‘lgan Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Namanganning "Navbahor" klubi a’zosi Oston O‘runov so‘zga chiqib, yangi Konstitutsiyamizning mamlakatimiz sportini rivojlantirishda tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimchalar va o‘zgartishlar xalqimizning sog‘lom turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidlab, barchani 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chorladi.

Taniqli estrada xonandalari va yosh san’at ustalari shou-konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki zavq ulashdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA