Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda
Ta’lim va tarbiya. Bu ikki tushuncha insonning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, insonga xos bo‘lgan barcha xatti-harakatlarni o‘zida mujassam etadigan, uzoq tarixiy tajribaga ega bo‘lish bilan bog‘liq jarayonda namoyon bo‘ladi.
Faqatgina insonga ong-tafakkur, aql-zakovat berildi. Inson – iymon, nafosat, sadoqat, oriyat, nazokat kabi so‘zlar birlashishidan hosil bo‘ladi. Bir qush erkin parvoz qilib, baland uchishi uchun ikki qanoti ham birga harakat qilishi lozim. Shundagina u manziliga tez va vaqtida uchib boradi. Insonni ikki qanoti bu uning ta’lim va tarbiyasidir. Insonning unib-o‘sib, ulg‘ayib, jamiyatga munosib kirib borishi uning ta’lim va tarbiyasiga bog‘liqdir. Agar qaysi birida bo‘shliq bo‘ladigan bo‘lsa, albatta uni aniqlab o‘z vaqtida to‘ldirish lozim. O‘z vaqtida to‘ldirilmagan bo‘shliq kelajakda kattalashib yirik chuqurliklarni hosil qiladi. Yosh avlodga o‘z vaqtida keraklicha ta’lim va tarbiya berish bugungi ta’limning oldida turgan eng dolzarb masaladir.
Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda. 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb e’lon qilinishi fikrimizning yorqin ifodasidir. Mazkur yilga bunday nom berilishi biz, pedagoglarga yanada ko‘proq o‘z ustimizda ishlashni va yosh avlod ta’lim-tarbiyasida ma’suliyatni yanada kuchaytirishimizni talab etadi. Yoshlarni tarbiyalashda nafaqat ustoz - murabbiylarning sa’y-harakatini kuchaytirish, balki “Oila, mahalla va ta’lim muassasasi” birgalikda harakat qilishi maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, komil insonni tarbiyalashda uch omil asos bo‘lib xizmat qiladi. Irsiy omillar – 10-15 foiz, atrof-muhit 40 foiz va maqsadga muvofiq tarbiya 45 foizni tashkil etar ekan. Demak, o‘z vaqtida tarbiyalangan shaxs ta’limni ham keraklicha o‘z vaqtida o‘zlashtira oladi. Zero, ulug‘ alloma Abdulla Avloniy bobomiz ta’biri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Xulosa qilib aytganda, maqsadga muvofiq tarbiyalangan insonlar jamiyatning ajralmas qismiga aylanadi. Ularning ta’lim-tarbiyasi yurt gullab-yashnashi va xalqning tinch, farovon yashashi uchun xizmat qiladi.
Nigora Muhitdinova,
Buxoro davlat universiteti
katta o‘qituvchisi.
O‘zA