Najot ilm va maʼrifatdadir
Mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasini oʻqir ekanman, gʻoyatda mutaassir boʻldim, toʻlqinlandim.
Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh?
Mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasini oʻqir ekanman, gʻoyatda mutaassir boʻldim, toʻlqinlandim. Va bir ijodkor, yurtning oddiy bir fuqarosi sifatida koʻnglim tugʻyonlarini, oʻy-mulohazalarimni izhor etish, qogʻozga tushirishga ehtiyoj sezdim oʻzimda. Avvalo yangi yilimizning nomlanishi haqida: “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”...
Prezidentimiz ushbu taklifni oʻrtaga tashlashi bilan dastavval “Imom ud-dunyo” – butun dunyo imomi deya tan olingan vatandoshimiz, buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmaydi ham!” degan mashhur soʻzlari xayolimga keldi. Ilmdan boshqa najot yoʻq... Darhaqiqat, dunyo ilm bilan qoyimdir, dunyoning hikmati, bardavomligi ilm zahmatkashlari – olimlar xizmati bilan taʼminlanadi. Shu sababdan ham ilm sohibi, ilm zahmatini chekkan zot Yaratgan oldida ham, dunyo ahli oldida ham hamisha qadrlanadi, sharaf topadi. Qurʼoni karimda: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja va martabalarga koʻtarur” deya vaʼda qilingani bejiz emas.
“Uquv qayda boʻlsa – ulugʻlik boʻlar,
Bilim qayda boʻlsa – buyuklik boʻlar...”
degan edi Yusuf Xos Hojib hazratlari bundan toʻqqiz yarim asr muqaddam yaratilgan “Qutadgʻu bilig” asarida. Shunday, ilm buyuklik keltiradi. Inson kamoloti, jamiyat taraqqiyoti, dunyo bardavomligi ilm bilan. Albatta, biz dovruqli allomalarimiz – Buxoriy va Xorazmiylar, Samarqandiy va Fargʻoniylar, Nasafiy va Termiziylar bilan faxrlanarkanmiz, ular haqida hayratu havas bilan soʻz yuritarkanmiz, bugungi yoshlarimiz orasida ham ana shunday buyuk zotlar kamolga yetayotganiga ishongimiz keladi. Keyingi yillarda yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, davlatimiz rahbarining har bir anjuman, uchrashuvlarda kitob va kitobxonlikka alohida urgʻu berishi, bu masalaning davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, juda koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va albatta, maorif sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar... bular hammasi bizga ana shunday ishonch bildirishimizga izn beradi.
Ilm asli arabcha soʻz boʻlib, “bilish”, “maʼlumotga ega boʻlish” mazmunini anglatadi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam ilm olish fazilatini shunday bayon qildilar: “Kimki dunyoni xohlasa, ilm olsin, kimki oxiratni xohlasa ham ilm olsin”. Shu maʼnoda aytishimiz mumkinki, muvaffaqiyatlarning siri ham koʻp maʼlumotga, bilimga ega boʻlishdadir. Dunyoning istalgan rivojlangan mamlakatini olib qarang: ular ilmga, yosh avlod tarbiyasiga qattiq eʼtibor qaratgani natijasida yuksaklikka erishishgan. Ikkinchi jahon urushida alamli magʻlubiyatga uchragan, vayronaga aylangan Yaponiya, Germaniya davlatlarining qisqa fursatda oyoqqa turgani, dunyoni lol qoldirgani bor gap-ku. Ular chinakam moʻjiza koʻrsatdilar. Va bu moʻjiza zamirida hech bir gʻayritabiiy sir yoʻq edi. Ular ilm-fan taraqqiyotiga kuch berdilar. Sabr-matonat bilan, izchillik bilan yosh avlodni zamonaviy ilm-fan asoslari bilan qurollantirib, ularni barcha zaruriy jabhalarda mukammal bilimga ega boʻlgan mutaxassislar qilib voyaga yetkazishga intildilar. Va koʻp oʻtmay kutilgan moʻjiza roʻy berdi. Ha, shunday: buyuk bobokalonimiz yanglishmagan: Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmaydi ham... Ne baxtki, bizda ham shunday jarayon boshlangan va sobit qadamlik bilan davom etmoqda...
Murojaatnomada aytilgani kabi barchamiz oʻz oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turganligini his qilishimiz zarur. Birlashib, birdamlikda tinimsiz oʻqib-oʻrganib, ishimizni mukammal va unumli bajarib, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi. Ilm intizomni talab etishini aslo unutmaslik kerak. Va u bizdan gʻayrat-shijoat, tinimsiz mehnatni talab etadi. Muqaddas kitobimizdagi, biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar boʻlurmi, degan mazmundagi eslatma barchamizning qalbimizda ogohlik sezgisi uygʻotishi kerak.
Endi, maʼrifat soʻziga toʻxtalsak... Abdurazzoq Koshoniy Samarqandiy bu borada shunday taʼrif beradi: “Maʼrifat muxtasar ilmlarni tafsilotlar suratida tanimoqdir, ilohiy maʼrifat ilohiy zot va sifatlarni ahvol va hodisalar tafsili va nuzul amrlar suratida tanish demak”.
Demak, maʼrifat Haqni tanimoqdir. Haqni tanishga esa faqat ilm orqaligina kelinadi. Yurtboshimizning kitob, ilm deya takror-takror aytishlarining asl mohiyati shu. Yaratguvchini bilmagan, tanimagan odamda or, hayo, gʻurur, faxr degan tuygʻular boʻlmaydi. Vatan, millat, xalq degan aziz tushunchalar ne ekanligini farqlamaydi. Ilmu maʼrifatsiz odamni qay tomonga yetaklasang, shu tomonga ketaveradi. Sof iymon-eʼtiqod nima ekanligini bilmagan kishilarning ahvoli naqadar nochor ekanligini tushuntirish shart boʻlmasa kerak. Eng ayanchlisi, bunday odam uchun halol va haromning farqi boʻlmaydi. U oʻz manfaati uchun hech narsadan tap tortmaydi. Xalq ana shunday ogʻriqlardan xalos boʻlmas ekan, mamlakat rivoji haqida gapirib oʻtirishga hojat ham boʻlmaydi.
Demak, Vatan taraqqiyoti, millat-xalq farovonligi har jihatdan ilmli, maʼrifatli, qatʼiyatli, toza fikrli tashabbuskor kishilar bilan bogʻliqdir. Davlat rahbarining kuyunishida yoshlarimizni shunday ayanchli holdan qutqarish maqsadi yotganligini anglash qiyin emas. “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak.” Yurtboshimiz “halollik vaksinasi”ni ilm, maʼrifat bilan bogʻliqligini koʻnglimizga singdirmoqchi ekanligi yuqoridagi soʻzlardan ham anglashiladi. Farzandlariga halol rizqu nasiba berish istagidagi har qanday odam korrupsiya degan illatdan nari yuradi. Korrupsiya bartaraf etilsagina taraqqiyotga yoʻl ochiladi.
Dunyoda ilm-fan, texnologiya shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Axborot, maʼlumot olishning yangi-yangi yoʻllari paydo boʻlib, bugungi kunda axborot texnologiyalari kirib bormagan soha qolmadi hisob. Bu esa har bir kishidan tinimsiz oʻrganish, ilm-fan yutuqlarini oʻzlashtirib borish, dunyodagi oʻzgarishlar, yangilanishlardan ogoh boʻlish, shunga qarab oʻziga xos yangicha uslublarda mehnat qilishni talab etmoqda. Chinakamiga taraqqiyotga erishish istagidamizmi, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz shart.
Murojaatnomada aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroqligi aytildi. Demak, bu sohani ham chuqur oʻzlashtirishni aslo kechiktirib boʻlmaydi.
Men momomdan shunday bir naqlni eshitganman, buni ayni haqiqat ekanini endi-endi anglab turibman. “Otasi dono – bittasi dono, onasi dono – hammasi dono”, derdilar buvim. Darhaqiqat, asosiy tarbiyachi oilada ona-ku. Ota-bobolarimiz qizlarimiz, yaʼni boʻlajak onalarimizning taʼlim-tarbiyalarini hayot-mamot darajasi deb bilganlar. Bu soʻzlar maʼnosi qanchalar teran ekanligini Murojaatnomada aytilgan, qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratilishi, Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerakligi toʻgʻrisidagi fikrlar ham isbotlab turibdi. Biz farzandlarimiz kelajagiga eʼtiborsiz boʻlishga haqimiz yoʻq. Qizlarimiz masalasida yana ham masʼuliyatli boʻlishimiz esa bizning millatparvar, vatanparvar ekanligimizga mezon boʻlib xizmat qiladi. Qaysi millat oʻz ayollarining oru nomusini jon kabi aziz bilsa, ularga muhabbatli boʻlsa u xalqni aslo yengib boʻlmaydi, degan soʻzlarni ham tinglaganman. Muhtaram Prezidentimizning qizlarimizning kelajaklari haqida oʻylashlari esa barcha yurtdoshlarimizni birday quvontirayotgani shubhasiz...
Bugungi kunda mamlakatimizda toʻqqizta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda. Isʼhoqxon Toʻra Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari yoniga oʻtgan yili Muhammadrizo Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi oʻzbek tili va adabiyotini chuqur oʻzlashtirishga ixtisoslashgan maktab-internatlari qoʻshildi. Mazkur oʻquv dargohlarida Vatanimizning chinakam kelajagi boʻlmish iqtidorli yoshlar tahsil olmoqda. Xizmat safari bilan ushbu maktablarda bir necha bor boʻlgan, oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashib, adabiyot, ijod, bugungi hayot xususida koʻp bora suhbatlashgan bir mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, yangi gʻoya, yangi tashabbus mahsuli boʻlmish ijod maktablari oʻz vaqtida tashkil etildi. Yurtning ertasi, farzandlar istiqbolini oʻylab amalga oshirilgan muhim qadam boʻldi va Xudo xohlasa, yaqin kelajagimizda buning samarasiga guvoh ham boʻlamiz. Yurtboshimiz ishonch bildirganidek, ushbu ilm dargohlarida tahsil olayotgan oʻgʻil-qizlarimiz orasidan erta bir kun Ogahiy, Ibrat, Abdulla Qodiriylar, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar yetishib chiqadi.
Tarixni bilmaslik, bu – ota-onasini tanimaslik deganidir. Shu maʼnoda oʻtgan ajdodlarimiz haqida teran bilimga ega boʻlishga barchamiz masʼulmiz deb ayta olaman. Demakki, jadid adabiyoti, jadidchilik harakati, ulugʻ maʼrifatparvar bobolarimizning bebaho merosini ham batafsil oʻrganishimiz zarur. Shu oʻrinda jadid soʻziga maʼnosi haqida... “Jadid” soʻzi “yangi” degani. Begali Qosimov soʻzlari bilan aytadigan boʻlsak, bu shunchaki “yangi” yo boʻlmasa, “yangilik tarafdori” degani emas. Balki “yangi tafakkur”, “yangi inson”, “yangi avlod” singari keng maʼnolarni oʻzida mujassam etgan. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, bu maʼnaviy xazinalardan qancha koʻp xabardor boʻlsak, bugun bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarning yechimini topamiz va jadidlar merosini qancha koʻp targʻib qilsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi. Jadidchilik harakati tarixini Ozod Sharafiddinov, Naim Karimov, Begali Qosimov, Boyboʻta Doʻstqorayev, Sirojiddin Ahmedov, Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov singari olimlar chuqur oʻrganishgan. Nazarimda yoshlarimiz jadid bobolar targʻibiga bagʻishlagan ilmiy-adabiy asarlarni ham oʻrganishlari zarur.
Shu jihatdan davlatimiz rahbari oʻz Murojaatnomasida, 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasi keng nishonlash toʻgʻrisidagi soʻzlari adabiyotimiz va uning targʻiboti uchun juda muhimdir. Xabaringiz bor, oʻtgan yil mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Ogahiyning 210, Abdulla Qodiriyning 125, Hamid Olimjonning 110, Ozod Sharafiddinov, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergen Qayipbergenovlarning 90, Aleksandr Faynbergning 80 yilligi keng nishonlandi. Hamda ularning kitoblari koʻp nusxalarda nashr etildi.
Bir xayrli sabab bilan xalqimiz bu ulugʻ zotlarni yana esladi, ibratli hayoti va ijodini oʻrgandi, kitobxonlarning javoni yangi kitoblar bilan boyidi. Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining nishonlash mobaynida ham ana shunday ezgu ishlar amalga oshiriladi. Har qanday tamaddunning avvalida adabiyot turadi. Adabiyot esa sadoqatdan, halollikdan, poklikdan, xalqparvarlik, vatanparvarlikdan saboq beradi. Bunday saboqdan bahramand boʻlganlar esa shubhasiz vatanning fidoyi farzandlari boʻlib kamolga yetishadi.
Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yoʻlida himmat va gʻayrat kamarini belimizga bogʻlar ekanmiz, hazrati Alisher Navoiyning himmat, fidoyilik haqidagi quyidagi baytlarini eslaymiz:
Tuxm yerga kirib chechak boʻldi,
Qurt jondin kechib ipak boʻldi.
Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?!
Pilla qurticha himmating yoʻqmu?!
Shukur, bizda millat va Vatan qaygʻusida jon chekib xizmat qilayotgan gʻayratli, himmati baland insonlar bisyor. Biz, Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “... buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz”. Shunday ekan, maqsad manziliga yorugʻ yuz bilan yetishimiz tayin. Ha, bunga shubha yoʻq. Bir zamonlar dunyoni lol qoldirgan yuzlab, minglab allomalarni dunyoga keltirgan bu qadim zamin yana oʻzligini namoyon qiladi. Zero, donishmand xalqimizning “oqqan daryo oqaveradi” degan ezgu aqidasi ham bizga shunday ishonch beradi!..
Gʻayrat MAJID,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari.