Naim Qosim: Nasrullohning ishi davom etadi
Hizbulloh guruhining tayinlangan Bosh kotibi Shayx Naim Qosim o‘zidan oldingi shahid Sayyid Hasan Nasrullohning merosini davom ettirishga ont icharkan, "Biz urush rejalashtirgan voqealar asnosidagi qarshilik harakatimizni o‘zgartirmaymiz", dedi.
Yangi rahbar ilk televizion nutqida Livandagi qarshilik harakati Isroil rejimiga qarshi kurashda sobit qolishini ta’kidladi.
O‘ziga yuklangan og‘ir mas’uliyat uchun minnatdorlik bildirgan Shayx Qosim xalqqa yuzlanib, shunday qo‘shimcha qildi: Bu muhim yuk va ishonch belgisi va bu vazifani bajaramiz. Shahid bo‘lgan yetakchilarimiz qoni bu yo‘ldan borishdagi qat’iyatimizni kuchaytiradi va bizni ilhomlantiradi. Mening ish rejam yetakchimiz Sayyid Hasan Nasrullohniki bilan bir xil. Biz u va boshqa rahbarlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan harbiy strategiyani amalga oshirishda davom etamiz.
Ma’lumki, Hizbullohga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan Nasrulloh sentyabr oxirida Livan janubiga uyushtirilgan yirik havo hujumida o‘ldirildi.
Seshanba kuni guruhning markaziy qaror qabul qiluvchi organi - Sho‘ro kengashi bo‘shagan lavozimga 71 yoshli Shayx Qosimni tayinladi. U avval Bosh kotib o‘rinbosari edi.
Shuningdek, Shayx Qosim o‘z nutqida G‘azo sektori qo‘llab-quvvatlanishini Isroilga qarshi kurashda muhim bosqich sifatida ta’rifladi: Sektorni qo‘llab-quvvatlash G‘azo xalqining haqli talabi. Butun mintaqaga tahdid solayotgan Isroilga qarshi turish zarur. Bu rejim hech qachon xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlariga amal qilmagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA