Nafasi yuraklarni titratgan kuychi
“Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston xalq artisti Abdulahad Abdurashidov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Nafasi yuraklarni titratgan kuychi” nomli tantanali konsert dasturi tashkil etildi.
Konsertda O‘zbekiston xalq artistlari, taniqli san’at va madaniyat namoyandalari, maqom ustalari, xonandalar, sozandalar hamda ustoz san’atkorning shogirdlari ishtirok etdi. Musiqiy tadbirda ustoz san’atkorning serqirra ijodi va o‘zbek milliy musiqa san’ati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi dilbar qo‘shiqlar, mumtoz kuylar orqali yuksak ehtirom bilan namoyish etildi.
Mazkur ijodiy kecha ustoz san’atkorning boy merosini ulug‘lash, milliy maqom va mumtoz musiqa san’atini keng targ‘ib etish hamda yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston xalq artisti Abdulahad Abdurashidov 45 yildan ortiq samarali mehnat faoliyati davomida milliy maqom san’ati va mumtoz musiqamizni rivojlantirish, asrab-avaylash hamda dunyo miqyosida keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ustoz san’atkor 1990-yildan buyon Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli safida faoliyat yuritib, Shashmaqom, Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llari hamda xalq va bastakorlik ijodiyotining nodir namunalarini ijro etish va ularni kelajak avlodga yetkazishda beqiyos xizmat qilmoqda.
Ustoz san’atkor nafaqat mohir ijrochi, balki ko‘plab iste’dodli yoshlarning ustozi hamdir. U O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi akademik litseyda yosh sozandalarga saboq berib, milliy ijrochilik maktabining munosib davomchilarini tarbiyalashga katta hissa qo‘shdi.

Abdulahad Abdurashidov O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov hamda taniqli sozanda Abdurahmon Xoltojiyev bilan birgalikda tashkil etilgan “Virtuozlar uchligi” tarkibida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘zbek milliy musiqa san’atining yuksak namunalarini namoyish etdi. AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Singapur, Malayziya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va yana o‘nlab davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli konsert va festivallarda yurtimiz san’atini munosib targ‘ib qildi.
Ustoz bastakor sifatida ham samarali ijod qilib, “Nay nolasi”, “Iltijo”, “Marg‘ilon taronasi”, “Farg‘ona ekan do‘stlar”, “Gullar raqsi”, “Tantana” kabi asarlari bilan milliy musiqa xazinasini boyitdi.

Mohir san’atkorning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilib, 1995-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, 2000-yilda “O‘zbekiston xalq artisti”, 2013-yilda “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni, 2020-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Darhaqiqat, Abdulahad Abdurashidovning o‘zbek milliy musiqa san’atini rivojlantirish, maqom an’analarini asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazish yo‘lidagi xizmatlari yuksak ehtiromga loyiq.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri