Muzqaymoq sifatiga kim kafolat beradi?
Mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlaridan biri bu uning tabiatidir. Ya’ni, o‘lkamizda bahor, yoz, kuz, qish fasli navbatma-navbat hukmronlik qiladi. Ularning har biri o‘zgacha tarovati, chiroyi va xususiyati bilan ajralib turadi. Bugun biz fasllar haqida emas, balki yoz faslida ko‘p iste’mol qilinadigan muzqaymoq haqida so‘z yuritamiz.
Yoz – yilning eng issiq fasli. Ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan bu faslda odamlar soya-salqin go‘shalarda dam olishni, tog‘larga chiqib hordiq chiqarishni xush ko‘rishadi. Quyosh boboning nurlari yer yuzini chunonam qizdiradiki, barcha mavjudot, odamlar ham o‘zini soyaga oladi. Bu paytda salqin ichimliklar, ayniqsa, muzqaymoqning savdosi avjiga chiqadi.
Darhaqiqat, muzqaymoqni xush ko‘rmaydigan kishining o‘zi bo‘lmasa kerak. Ham mazali, ham huzurbaxsh bu mahsulot bolajonlarning jonu dili. Xo‘sh bu mahsulotni ko‘p iste’mol qilish zararlimi? Ko‘chalarda sotilayotgan muzqaymoqlar qanchalik sifatli? Biz shu va shu kabi savollarga javob izlaymiz.
Mutaxassislarning aytishicha, muzqaymoqning asosiy zarari — tarkibidagi qand moddasi. Agar odam sog‘lom bo‘lsa, ya’ni sovuqqa hech qanday qarshi ko‘rsatmasi, deylik, tish yoki milk kasalliklari bo‘lmasa, bemalol yeyishi mumkin. Shunchaki kunlik me’yorni oshirib yubormaslik kerak. Tarkibida ko‘p miqdordagi qand tufayli muzqaymoq bolalarning tishiga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun bola muzqaymoqni yegandan so‘ng tishlarini yaxshilab tozalab yuvishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sutga allergiyasi bor kishilar esa muzqaymoq iste’mol qilmagani ma’qul. O‘zida laktoza fermenti yetishmaydigan kishilar muzqaymoqni cheklangan miqdorda yeyishi lozim.

Ayrimlar muzqaymoq yeb shamollab qoldim yoki tomog‘im og‘ridi, deb shikoyat qilishadi. Mutaxassislarning aytishicha, muzqaymoq tufayli shamollab qolish ehtimoli juda ham kam uchrar ekan.
Muzqaymoq sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Uni sovuq haroratda saqlash talab etiladi. Muzqaymoq biroz erigach uni qaytadan muzlatib iste’mol qilish mumkin emas. Negaki, bu jarayonda muzqaymoqning tarkibi o‘zgaradi va bakteriyalarni o‘ziga jalb qilib olish xususiyati ortadi.
Bugun ko‘cha va xiyobonlar, aholi gavjum joylarda sotilayotgan turli shakl va nomdagi muzqaymoqlar qanchalik sifatli yoki iste’molga yaroqli, deb o‘ylaysiz.
Mazkur savol yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov quyidagi ma’lumotlarni berdi.
– Muzqaymoqlarni xarid qilish jarayonida fuqarolar mahsulot solingan idishning ichki sanitar holatiga e’tiborli bo‘lishi lozim, – deydi A.Ismoilov. – Chunki hududlardagi barcha sifatsiz mahsulotlarga qarshi kurashishni imkoni yo‘q. Birgina misol, bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa barcha viloyatlarda “Andijon muzqaymog‘i” keng tarqalgan. Bu muzqaymoqning yumshoq va qattiq holatda bo‘lgan ikki turi mavjud. Har bir mahsulotning ishlab chiqarilishi uchun belgilangan me’yor bor. “Andijon muzqaymog‘i” qattiq muzqaymoq turiga kiradi. Alohida ta’kidlashim lozimki, ko‘chalarda sotilayotgan “Andijon muzqaymog‘i”ning birortasi savdo va sanitariya talablariga javob bermaydi. Chunki ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda sotilayotgan muzqaymoqlar noma’lum sharoitda tayyorlangan va muqim sotish savdo shoxobchasiga ega emas. Muzqaymoqlar solingan idishlar muzlatgich emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli tarzda saqlab bera olmaydi.
Ko‘pchiligiga ahamiyat bersangiz, muzqaymoq idishiga go‘yoki mahsulotning xavfsizligiga javob beradigan sertifikat yopishtirib qo‘yilgan. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, har bir oziq-ovqat mahsulotini majburiy sertifikatlash belgilab qo‘yilgan. Mahsulotning xavfsizligiga javob beradigan Sanitariya-epidemiologiya xulosasi berilishi kerak. Lekin bu berilgan sertifikat ko‘chada har xil idishlarda sotilayotgan muzqaymoqlar uchun emas va bu hujjatni to‘g‘ri kelgan mahsulotning idishiga yopishtirib qo‘yish qonunga zid.
Shunga o‘xshash holatlarning oldini olish uchun Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi, Soliq inspeksiyasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan hamkorlikda reyd tadbirlari tashkil etilmoqda. Mana shunday tadbirlar natijasida hududlarda aynan “Andijon muzqaymog‘i” brendi ostida sotilayotgan 1 ming 300 kilodan ziyod mahsulot o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilindi.
Shu o‘rinda aholiga maxsus qadoq va yorliqlarga ega, muzlatgichlarda saqlanayotgan, barcha ma’lumotlari qadoqda ko‘rsatilgan muzqaymoqlarni sotib olishni maslahat beramiz. Negaki, sut va sut mahsulotlari issiq haroratda tez o‘zgaruvchanlik xususiyatini yanada oshiradi. Noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifat ko‘rsatkichlari, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan mahsulotlar oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, zaharlanish holatini yuzaga keltirishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, “Andijon muzqaymog‘i” aslida Andijon shahridagi korxonada ishlab chiqariladi. Korxona yangi texnologiyalar bilan ta’minlangan va ishlab chiqarilayotgan mahsulot qadoqlangan holda sotuvga chiqarilmoqda. “Andijon muzqaymog‘i” ko‘plab xorijiy davlatlarga ham eksport qilinadi.
Biroq, ming afsuski so‘nggi paytlarda bu mahsulotning “soxta” ya’ni “qo‘l bola” nusxalari ko‘paygan. Bu endi alohida mavzu.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA