Muzlatgich kafolat muddatida buzilib qolsa...
Mahsulot, ish yoki xizmatni shaxsiy iste’mol, foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda sotib oladigan, buyurtma qiladigan fuqaro iste’molchidir.
Shuningdek, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, uni ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida ishonchli va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlashga va uning tegishli darajada sifatli, xavfsiz bo‘lishini, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilish, buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sudga yoki vakolatli organlarga murojaat etish hamda iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqiga ega.
Masalan, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga fuqarodan kelgan murojaatga ko‘ra, kafolat muddatida buzilib qolgan muzlatgichni servis markazi 20 kunda ta’mirlanishini aytdi. Bu vaqt oralig‘ida iste’molchiga foydalanib turishi uchun boshqa muzlatgich beriladimi?
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarma boshlig‘i Botir Sharipov mazkur savol yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

— O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 15-moddasiga asosan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste’molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning o‘zi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydi.
Sotuvchi iste’molchining ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga penya to‘laydi.
Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar agar qonunlarda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovarlar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA