Muvaffaqiyatning bosh omili – e’tiboru hamjihatlikda
Isroil poytaxti Quddusda shaxmat bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasida yakuniga yetgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi kumush medallarga musharraf bo‘ldi.
Xabar berganimizdek, jahon chempionligi uchun kechgan final bahsida hamyurtlarimiz Xitoy vakillariga qarshi dona surdi.
Aytish lozim, jamoada Nodirbek Abdusattorovning o‘rni bilindi. Chempionatning eng yosh jamoasi bo‘lgan vakillarimiz musobaqaning saralash, chorak va yarim final bahslarida Ozarbayjon, Hindiston, Ukraina kabi kuchli jamoalarni mag‘lubiyatga uchratdi.

Xitoy jamoasi bilan ikkita partiyadan iborat final bahslarida hamyurtlarimiz murakkab va ruhiy bosim ostidagi o‘yinda tajribasizlik natijasida raqiblariga garchi 2,5:1,5 va 2,5:1,5 ko‘rinishlarida imkoniyatni boy bergan tarzda 2-o‘rin bilan kifoyalangan bo‘lsa-da, bahslarda haqiqiy jangovarlikni namoyish qildi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, Javohir Sindorov 2-shaxmat taxtasidagi o‘yinlarning yetakchisi, Jahongir Vohidov 4-shaxmat taxtasi bo‘yicha 2-o‘rin sohibi sifatida qayd etildi. Bu aynan ushbu sportchilarimiz bahslar davomida eng sermahsul harakatlanganini ko‘rsatmoqdaki, ularning Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatga munosib hissa qo‘shganligini anglatadi. Ammo, vakillarimizning kumush medalga sazovor bo‘lishida so‘zsiz shaxmatchilarimiz Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Ortiq Ne’matov, Abdumalik Abdusalimov, jamoa murabbiyi Ivan Sokolov, delegatsiya rahbari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyevning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.

Qolaversa, g‘alabalarning bosh omili hamisha hamjihatlikda, davlatimiz tomonidan yoshlarimizga yaratib berilayotgan sharoit va e’tiborda ekanligi hech kimga sir emas.
Chempionat yakunida musobaqa g‘olibi Xitoy jamoasiga oltin, O‘zbekiston jamoasiga kumush, Ispaniya jamoasiga bronza hamda Hindiston vakillariga 4-o‘rin uchun belgilangan sertifikat va sovrinlar taqdim etildi.
Jahon chempionati bahslarida munosib ishtirok etgan shaxmatchilarimiz ertaga, 27 noyabr kuni Toshkentga qaytib kelishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA