Muvaffaqiyatlar yangi g‘alabalarga undaydi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor sog‘lom avlodni – buyuk davlat poydevori, farovon hayot asosini yaratishga xizmat qilmoqda. Ushbu olijanob maqsadga erishish uchun mamlakatimizda barcha sharoit mavjud.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor sog‘lom avlodni – buyuk davlat poydevori, farovon hayot asosini yaratishga xizmat qilmoqda. Ushbu olijanob maqsadga erishish uchun mamlakatimizda barcha sharoit mavjud.
Bu borada aholini, jumladan, yoshlar, xotin-qizlar hamda bolalarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda sportning eshkak eshish turi tobora ommalashib borayotganini ta’kidlash joiz. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabida baydarka va kanoeda eshkak eshish, slalom va akademik eshkak eshish bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. 2014-yilda o‘tkazilgan jahon kubogi bosqichi sovrindorlari Gerasim Kochnev, Yuliya Soy, Yekaterina Zarkova kabi mahoratli sportchilar musobaqalarga shu yerda tayyorgarlik ko‘radi. Eshkak eshish ustalarining asosiy mashg‘ulot bazasi Toshkent dengizida joylashgan. Respublika miqyosidagi yirik musobaqalar shu yerda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, sportchilar Toshkent viloyatidagi “Qoranko‘l” eshkak eshish bazasi, poytaxtimizdagi Anhor kanali va Samarqanddagi eshkak eshish kanalida mashg‘ulotlar olib boradi.
Samarqand eshkak eshish kanalining rekonstruksiya qilinishi natijasida nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu yerda start va finish chiziqlarining komputerlashtirilgan tizimi ishga tushirilib, uchta ko‘prik qurildi. Zamonaviy ma’lumotlar tablosi o‘rnatilib, qulay va shinam tribunalar bunyod etildi. Tribunalardan ikki kilometrlik masofani bemalol kuzatish mumkin. Shuningdek, mehmonxona, oshxona va trenajyor zali ham mavjud. Yaratilgan sharoitlar yoshlar orasidan olimpiya zaxiralarini tayyorlash va xalqaro o‘quv-mashq yig‘inlarini tashkil etish, yuqori darajadagi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkonini bermoqda. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekistonda mana shunday o‘ziga xos sport inshooti mavjudligini ham alohida ta’kidlash joiz.
– Erishayotgan muvaffaqiyatlarimiz mustaqillik mevasi, Prezidentimiz rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik samarasidir, – deydi Toshkent shahar eshkak eshish turlari federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Valerian Kireyev. – O‘tgan yillar davomida barcha zarur inventar va jihozlar bilan ta’minlangan zamonaviy sport inshootlari bunyod etilib, sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan hududlardagi eshkak eshish bo‘limi mavjud bo‘lgan sport maktablariga Samarqanddagi “Stekloplastik” korxonasida tayyorlanayotgan qayiqlar taqdim etilmoqda. Bu boradagi ishlarga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, “Rowing & Canoe” federatsiyasi va homiylar katta hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Chunonchi, Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida ikki karra jahon chempioni kanoechi Vadim Menkov va baydarkachi Aleksey Mochalov oltin, yosh baydarkachi Ernest Irnazarov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Aleksey Mochalov, Sergey Borzov, Vyacheslav Gorn va Aleksandr Tropindan iborat to‘rt kishilik baydarkachilar jamoasi bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, ikki kishilik kanoeda Gerasim Kochnev va Serik Mirbekov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
– Xalqaro arenalarda Vatan sharafini himoya qilish har bir sportchi uchun ulkan baxtdir, – deydi A.Mochalov. – Sportning har tomonlama rivojlantirilayotgani, nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘alabalarga erishish uchun barcha sharoit yaratilib berilayotgani, cheksiz g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Ayni kunlarda terma jamoamiz navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu boradagi ishlar davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Joriy yilda ham federatsiya moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, sportchilarimizning xorijda o‘quv-mashq yig‘inlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Sportchilarimiz oldiga Italiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va Indoneziya mezbonlik qiladigan Osiyo birinchiligida munosib ishtirok etish vazifasi qo‘yildi. Ushbu musobaqalar Olimpiada yo‘llanmalariga ega bo‘lish imkonini beradi. Bundan tashqari, joriy yilda Samarqandda akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha an’anaviy xalqaro turnir, shuningdek, bir necha yirik musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va tinimsiz mashg‘ulotlar sportchilarimizning navbatdagi muvaffaqiyatlariga zamin yaratadi. Ular qo‘lga kiritayotgan yutuqlar mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, yoshlarimizning hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligining yana bir yaqqol ifodasidir.