Muttaqiy: Afg‘oniston Markaziy Osiyoga hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda
Kobulda ilk bor Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi tomonidan tashkil etilgan Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘onistonning ilmiy doiralari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tahliliy markazlari vakillari ishtirok etdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-tranzit bog‘liqligini rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlik, iqlim muammolari, mintaqaviy xavfsizlik va davlatlararo muloqotni ekspertlar ko‘magida qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Forumni ochar ekan, Afg‘ogiston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Kobulning mintaqaviy hamkorlik kelajagi borasidagi qarashlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, zamonaviy xalqaro tartib qarama-qarshiliklar va raqobatlashuvchi yondashuvlar bilan bir qatorda davlatlarning jamoaviy hamkorlik va ko‘p tomonlama o‘zaro aloqalarga intilishi kuchayib borayotgan “nozik bir tarixiy bosqich”ni boshdan kechirmoqda. Shu sharoitda, TIV rahbarining ta’kidlashicha, imkoniyatlarni izlash va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan pragmatik yondashuv tufayli Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan munosabatlari “har qachongidan ham ko‘proq mustahkamlandi va kengaydi”.
“Bugun biz bu yerga shunchaki mamlakatlarimiz vakillari sifatida emas, balki yagona geografik makonning intellektual boshqaruvchilari sifatida yig‘ildik”, – dedi Muttaqiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy Osiyoga asosiy hamkor sifatida qaraydi va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. “Turli sohalarda kelajakdagi hamkorligimizning amaliy va keng qamrovli yo‘l xaritasini ishlab chiqish zarur”, – dedi vazir.
Uning nutqida Kobulning mintaqa davlatlari bilan yanada yaqin hamkorlikka ochiqligi va mintaqaviy jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi bo‘lishga tayyorligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Muttaqiy birinchi Afg‘oniston – Markaziy Osiyo maslahat muloqotining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi kelgusidagi yaqinlashuv uchun muhim siyosiy asos yaratganini, biroq keyingi qadam siyosiy kelishuvlarni amaliy loyihalar va yechimlarga aylantira oladigan barqaror ekspert mexanizmlarini shakllantirish bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Nutqda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘oniston diplomatiyasi rahbari Afg‘onistonni “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tabiiy bog‘lovchi ko‘prik” deb atadi hamda Kobulning CASA-1000, TAPI gaz quvuri, TAP loyihasi, Lojuvard yo‘lagi va Transafg‘on temir yo‘li loyihalarini ilgari surishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Tadqiqot markazlari ushbu tashabbuslarning iqtisodiy afzalliklarini ochib berishda va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi mumkinligi ta’kidlandi.
Vazir umumiy muammolarga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, atrof-muhitning ifloslanishi, shuningdek, mojarolar oqibatlari iqtisodiyot, transport aloqalari, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. "Bu tahdidlar siyosiy chegaralarni tan olmaydi," - deya ta’kidladi Muttaqiy ilmiy tahlil va ekspert baholari asosida jamoaviy qarorlar ishlab chiqish tarafdori sifatida.
Nutqning muhim qismini o‘z mintaqaviy kun tartibini shakllantirish g‘oyasi tashkil etdi. Afg‘oniston TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari o‘z taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini mustaqil belgilash uchun yetarli intellektual, iqtisodiy va siyosiy salohiyatga ega. “Imkoniyatlar, tahdidlar va umumiy kelajagimiz o‘zimizning, ichki qarashlarimizga muhtoj”, – deya ta’kidladi u. Shu bilan birga, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon tadqiqotchilari mintaqaviy jarayonlarga mustaqil ekspert bahosini bera olishini hamda mintaqa davlatlari manfaatlariga mos yechimlarni taklif qilish salohiyatga ega ekanini qayd etdi.
"Bugungi kunda mintaqamiz tadqiqotchilari hududning voqeliklari, imkoniyatlari va muammolari haqida o‘zlari so‘zlab berishlari har qachongidan ham muhimroq," – deya ta’kidlab, bilim almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar va doimiy ekspertlar muloqotini kengaytirish tarafdori ekanligini qayd etdi vazir. Muttaqiy analitik tuzilmalar mintaqaviy diplomatiyaning muhim vositasiga aylanishi mumkinligiga ishonishini bildirdi.
«Tadqiqot markazlari faqat akademik institutlar emas, ular intellektual hamkorlar va mintaqaviy diplomatiyaning harakatlantiruvchi kuchi sifatida ham faoliyat yuritishi mumkin», – dedi u. Shu munosabat bilan mintaqa tadqiqot institutlari o‘rtasida barqaror hamkorlik tarmog‘ini yaratish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturlarini rivojlantirish hamda ekspert baholarini muntazam almashish taklifi ilgari surildi.
Xulosa qilib aytganda, Afg‘oniston tashqi siyosati rahbari mintaqa kelajagini o‘zaro hamkorlik, o‘zaro ishonch va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bilan bog‘lashini ta’kidladi. «Mintaqadagi barcha davlatlar uchun barqaror, farovon va xavfsiz kelajakka faqat hamkorlik, o‘zaro ishonch, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va umumiy manfaatlarni anglash orqali erishish mumkin», – dedi vazir.
Shuningdek, u «Afg‘oniston tadqiqotchilari boshqa davlatlar tadqiqotchilariga ilmiy hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda», deya alohida urg‘u berib, Kobulning Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon bilan uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli aloqalarga tayyorligini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro Termiz muloqoti bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda mintaqa mamlakatlarining ekspert hamjamiyati, tahliliy markazlari va davlat tuzilmalari vakillari ham ishtirok etgan edi. Tadbir doirasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston ekspertlarining alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, transport-tranzit bog‘liqligini rivojlantirish, xavfsizlik va iqtisodiy sheriklik masalalari muhokama qilindi. Boshqa mavzular qatorida ishtirokchilar Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekspertlar muloqotini institutsionallashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘rib chiqilgan Kobulda bo‘lib o‘tadigan Tahlil markazlari forumining mazmunli kun tartibini shakllantirish masalalarini ham ko‘rib chiqqan edi.
O‘zA