Mustaqillik — xalqimizning erkin va farovon hayotida aks etmoqda
Mustaqillik har bir xalq hayotida tarixiy burilish yasaydigan, uning davlatchiligi, milliy o‘zligi va kelajagini belgilab beradigan yuksak qadriyatdir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinishi bilan xalqimizning erkin va ozod taraqqiyot yo‘li boshlandi. O‘tgan 35 yil davomida mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Mazkur jarayonda Konstitutsiya demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qildi. 2023-yilda Konstitutsiyaning yangi tahriri umumxalq referendumi orqali qabul qilinib, unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat tamoyili va davlatning fuqarolar oldidagi mas’uliyatiga alohida urg‘u berildi.
So‘nggi yillarda «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi asosida inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar jamiyat va davlat hayotining turli sohalarida yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Iqtisodiyotda ochiqlik va raqobat muhitini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari tashkil etildi. Energetika, transport, kimyo, metallurgiya, to‘qimachilik va qurilish sohalarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun imkoniyatlar kengaymoqda.
Shu bilan birga, aholini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Pensiya va nafaqalar tizimi takomillashtirildi, ijtimoiy himoyaning yangi mexanizmlari joriy etildi, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengaytirildi. Bu borada aholiga manzilli va samarali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’lim sohasida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi kengaydi, yangi maktablar va oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi, ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada oshdi. Bu jarayon zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda. Yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘lamining kengayishi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va teng imkoniyatlarini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, ta’lim va kasb-hunar egallashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizdagi ichki islohotlar ochiq va pragmatik tashqi siyosat bilan uyg‘unlashib, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Natijada mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va investitsiyaviy aloqalari kengayib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston BMT, SHHT, MDH, IHT va Turkiy davlatlar tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida faol ishtirok etib, global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqot muhitini shakllantirishda mamlakatimizning roli tobora ortib bormoqda.
Erishilgan natijalar bilan bir qatorda, mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichida iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish muhim vazifalar bo‘lib qolmoqda.
Raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni shakllantirish, sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini keng joriy etish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish kelgusi taraqqiyotning muhim omillaridir.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar mamlakatimizda davlatchilik asoslarini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash uchun mustahkam zamin yaratdi. Bugungi islohotlar esa ana shu natijalarni yangi bosqichga olib chiqish, jamiyat hayotining barcha sohalarida inson manfaatlarini yanada ustuvor ta’minlashga qaratilgan.
Inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash, raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, mustaqillik – nafaqat tarixiy sana, balki xalqimizning erkin va farovon hayoti, milliy taraqqiyoti hamda kelajagini belgilab beruvchi buyuk qadriyatdir. Uni asrab-avaylash, erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va yangi marralarni zabt etish barchamizning umumiy vazifamiz va yuksak burchimizdir.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
mas’ul xodimi.
O‘zA