Mustaqillik solnomasi: Energetika sohasidagi 35 muhim fakt
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991-yildan buyon energetika sohasi mamlakat taraqqiyotining muhim tayanchlaridan biriga aylandi. O‘tgan 35 yillik davr milliy energetika tizimini shakllantirishdan tortib, zamonaviy va texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqishgacha bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ldi.
Bu yillar davomida neft-gaz sanoati rivojlandi, yangi elektr stansiyalari barpo etildi, mavjud quvvatlar modernizatsiya qilindi, elektr uzatish tarmoqlari yangilandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sohada tub burilish yuz berib, xususiy va xorijiy investitsiyalar keng jalb qilindi, quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlandi, gidroenergetikada yangi quvvatlar yaratildi, energiya saqlash tizimlari va raqamli texnologiyalar joriy etildi.
Bugun mamlakat energetikasidagi o‘zgarishlar nafaqat ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi va yangi quvvatlar, balki tarmoqlarning yangilanishi, iste’molchilar uchun xizmatlar sifatining oshishi va “yashil” energetika ulushining ortishida ham namoyon bo‘lmoqda.
Shu 35 yillik taraqqiyot yo‘lining eng muhim bosqichlari va natijalarini 35 ta asosiy yangilik asosida eslaymiz.
1. 1991-yil – Milliy energetika tizimini shakllantirish boshlandi.
Mustaqillikka erishilgandan so‘ng O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika resurslarini mustaqil boshqarish va mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan milliy tizimni shakllantira boshladi.
2. 1992-yil – “O‘zbekneftgaz” milliy neft-gaz tizimining asosi yaratildi
1992-yil 3-mayda “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati davlat konserni tashkil etildi. Shu yil 23-dekabrda u “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati Milliy korporatsiyasiga aylantirildi. Bu mustaqil O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ining milliy boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
3. 1997-yil – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi.
1997-yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Korxona O‘zbekistonda neft xomashyosini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirgan muhim sanoat ob’ektlaridan biriga aylandi. Bugun zavod respublika neft mahsulotlari bozoridagi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi.
4. 1997-yil – Ko‘kdumaloq konida zamonaviy gaz infratuzilmasi yaratildi.
1997-yilda Ko‘kdumaloq konida xorijiy texnologiyalar asosida kompressor stansiyasi ishga tushirildi. Bu loyiha O‘zbekiston neft-gaz sanoatiga xorijiy texnologiya va investitsiyalarni jalb etishning dastlabki yirik qadamlaridan biri bo‘ldi.
5. 1999-yil – Xo‘jaobod yerosti gaz saqlash ombori ishga tushirildi.
1999-yilda Xo‘jaobod yerosti gaz saqlash ombori foydalanishga topshirildi. Uning ishga tushirilishi tabiiy gazni zaxiralash va iste’molning mavsumiy o‘zgarishlarini barqaror ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
6. 2001-yil – Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi foydalanishga topshirildi.
2001-yilda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi ishga tushirilib, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olishga o‘tish uchun muhim zamin yaratildi. Keyinchalik majmuada polietilen ishlab chiqarish quvvati yiliga 125 ming tonnaga yetkazildi. Bugun Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston neft-gaz va kimyo sanoatining yirik korxonalaridan biri hisoblanadi.
7. 2003-yil – Sho‘rtan konida gazni siqish infratuzilmasi rivojlantirildi.
2003-yilda Sho‘rtan konida gazni siqish kompressor stansiyasi ishga tushirildi. Bu gaz qazib chiqarish va uni tayyorlash jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilgan muhim infratuzilma loyihalaridan biri bo‘ldi.
8. 2017-yil – “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil etildi.
Gidroenergetikani yagona tizim asosida rivojlantirish va yangi GESlar qurilishini jadallashtirish uchun alohida tizim shakllantirildi.
9. 2018-yil – Elektr energetikasida xususiy investitsiya va davlat-xususiy sheriklik uchun yangi bosqich boshlandi.
Elektr energetikasida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish va yangi generatsiya quvvatlarini barpo etish uchun huquqiy va institutsional asoslar kuchaytirildi.
10. 2019-yil– O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi.
Yoqilg‘i-energetika sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi markaziy organ shakllandi.
11. 2019-yil – “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.
12. 2019-yil – Qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirishning huquqiy asosi yaratildi.
2019-yil 21-mayda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘RQ-539-son qonun qabul qilindi. Qonun quyosh, shamol, gidro va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish, sohada investitsiyalarni rag‘batlantirish va huquqiy mexanizmlarni belgilab berdi.
13. 2019-yil – Elektr energetikasiga yirik xususiy investitsiyalar kirib kelishi boshlandi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida bir yilning o‘zida 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya va 2700 MVt quvvatli 6 ta stansiya loyihasi boshlandi.
14. 2020-yil – Elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish boshlandi.
Sohada boshqaruvni takomillashtirish, korxonalar samaradorligi va moliyaviy barqarorligini oshirishga qaratilgan islohotlar kuchaytirildi.
15. 2021-yil – Elektr energiyasi va tabiiy gazni avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari joriy etildi.
2018-yilda AEKUE va ASKUG orqali iste’molni raqamli hisobga olish, nazorat qilish va hisob-kitoblarni avtomatlashtirish boshlandi. 2021-yilga kelib millionlab iste’molchilar zamonaviy hisoblagichlar bilan qamrab olindi.
16. 2021-yil – “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi.
Markaziy Osiyodagi yagona, jahondagi yirik GTL loyihalaridan biri ishga tushirilib, yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash orqali aviakerosin, dizel yonilg‘isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
17. 2021-yil – Karmanada O‘zbekistondagi birinchi yirik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Quvvati 100 MVt bo‘lgan stansiya mamlakatda sanoat miqyosidagi quyosh energetikasiga o‘tishning muhim bosqichi bo‘ldi.
18. 2021-yil – Aholi xonadonlaridagi quyosh panellaridan ishlab chiqarilgan elektrni davlat tomonidan sotib olish amaliyoti boshlandi.
Aholini quyosh panellarini o‘rnatishga rag‘batlantirish va xonadonlarni kichik energiya ishlab chiqaruvchiga aylantirish mexanizmi joriy etildi.
19. 2021-yil – Gidroenergetikada yangi quvvatlar barpo etilib, mavjud GESlar modernizatsiya qilindi.
2021-2025-yillarda yangi qurilgan va modernizatsiya qilingan GESlar hisobiga elektr tizimiga qo‘shimcha 510 MVt toza energiya quvvati qo‘shildi.
20. 2022-yil – Quyosh va shamol energetikasiga yirik xorijiy investitsiyalar jalb qilishning amaliy bosqichi kengaydi.
Xalqaro kompaniyalar ishtirokida O‘zbekistonda yirik quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalari loyihalari portfeli shakllandi.
21. 2023-yil – Yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarining birinchi katta to‘lqini ishga tushirildi.
Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryoda yirik quyosh stansiyalari, Navoiyda shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi.
22. 2023-yil – Qayta tiklanuvchi energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur qabul qilindi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvatlarini keskin oshirish, yangi “yashil” generatsiya ob’ektlarini ishga tushirish bo‘yicha yirik maqsadlar belgilandi.
23. 2023-yil – Elektr energiyasi bozorini isloh qilishning yangi bosqichi boshlandi.
2023-2024-yillarda Elektr energetikasida raqobatni kuchaytirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish va bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan islohotlar boshlandi.
24. 2024-yil – Quyosh va shamol energetikasida yirik quvvatlar ishga tushirildi.
2024-2025-yillarda umumiy quvvati 5582 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.
25. 2024-yil – Energiya saqlash tizimlari energetika tarmog‘iga kirib keldi.
2024-2025-yillarda umumiy quvvati 1545 MVt bo‘lgan 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Ular iste’mol yuqori bo‘lgan vaqtlarda tarmoqni barqarorlashtirish va zaxira quvvat yaratishga xizmat qilmoqda.
26. 2025-yil – Elektr energetikasida 13,4 GVt yangi generatsiya quvvati yaratildi.
2017-2025-yillarda энерgiя saqlash tizimlari bilan birga yangi quvvatlar hajmi 15 GVtga yetdi. Taqqoslash uchun, 1991-2016-yillarda 3,3 GVt quvvat ishga tushirilgan.
27. 2025-yil – Elektr uzatish tarmoqlarini yangilash ko‘lami keskin oshdi.
2017-2025-yillarda umumiy uzunligi 77 ming km elektr uzatish tarmoqlari yangilandi. Natijada 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi.
28. 2025-yil – Elektr energiyasi ishlab chiqarish 46 foizga oshdi.
2017-2025-yillarda yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 59 milliard kVt·soatdan 2025-yilda 86,7 milliard kVt·soatga yetdi.
29. 2025-yil – Elektr tarmoqlarida transformator va podstansiyalar keng ko‘lamda yangilandi.
2017-2025-yillar davomida mamlakat bo‘ylab 24 mingta transformator punkti yangilandi. 1991-2016-yillarda 4800 ta transformator punkti yangilangan.
30. 2026-yil – Aholi xonadonlaridagi quyosh panellaridan davlatga elektr sotish hajmi keskin oshdi.
2023-2025-yillarda jismoniy va yuridik shaxslarga tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun jami 462,1 milliard so‘m to‘lab berildi. Shundan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida aholiga 222,9 milliard so‘m, yuridik shaxslarga esa 239,3 milliard so‘m to‘landi. 2026-yil yanvar-iyul oylarida esa to‘lovlar hajmi keskin oshdi, ya’ni jami 632,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan aholiga 436,7 milliard so‘m, yuridik shaxslarga 196 milliard so‘m to‘landi.
31. 2026-yil – O‘zbekistondagi elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvati 27,3 GVtdan oshdi.
Bugungi kunda mamlakatda 157 ta elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati 27 343 MVtni tashkil etmoqda.
32. 2026-yil – Quyosh va shamol energetikasida yangi natija qayd etildi, ya’ni 7,5 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
2026-yil yanvar-iyul oylarida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 7,5 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foiz ko‘p.
33. 2026-yil – Kichik quvvatli quyosh energetikasida 2,5 GVtdan ortiq yangi quvvat yaratildi.
2026-yil 13-avgust holatiga ko‘ra, 2023-2026-yillarda respublika bo‘yicha jami 2 508 MVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi. Ushbu panellar hisobidan 4 milliard 715 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
34. 2026-yil – Qayta tiklanuvchi energiyaning energetika balansidagi ahamiyati keskin oshdi.
Yirik “yashil” loyihalar natijasida 2030-yilga borib yiliga 60 milliard kVt·soat qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu yiliga qariyb 15 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
35. 2026-yil – O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki qurilishiga start berildi.
Atom energetikasi mamlakat yoqilg‘i-energetika tizimining yangi yo‘nalishi sifatida amaliy bosqichga o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA