Mustaqillik shoh ko‘chasida yangi zamonaviy bekat pavilonlari o‘rnatilmoqda
Ma’lumki, Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan poytaxtda obodonlashtirish, tozalash va qurilish-ta’mirlash ishlari jadal davom etmoqda. Jarayon doirasida ko‘chalar va kanallar tozalanib, yashil hududlarni saqlash choralari kuchaytirilgan.
Havo haroratining ko‘tarilishi munosabati bilan daraxt va gulzorlarni sug‘orish hamda ko‘chalarga suv sepish ishlari davom etmoqda.
Poytaxtning markaziy hududlarida, jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shoh ko‘chasida ham keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Mustaqillik shoh ko‘chasida yo‘l qoplamasi, yoritish, suv qochirish tizimi va bekat infratuzilmasini kompleks yangilash ishlari davom etmoqda.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda birinchi bosqich doirasidagi asosiy ishlar yakunlanmoqda. Ko‘chaning bir qismida asfaltlash ishlari tugallandi va ushbu yo‘nalish qisqa muddatlarda transport harakati uchun ochilishga tayyorlanmoqda.
Jumladan, birinchi bosqich doirasida eski asfalt qoplamasi frezalandi, yirik donali asfalt-betonlar yotqizildi, bazalt geoto‘ri o‘rnatildi hamda 23 039 m² maydonga PSHMA-20 qoplamasi yotqizilmoqda.

PSHMA-20 yuqori transport yuklamasiga, issiq ob-havo sharoitida deformatsiya va g‘ildirak izlari hosil bo‘lishiga chidamliligi hamda uzoq muddat xizmat qilishi bilan ajralib turadi.
Suv qochirish tizimida 1 143 metr suv qochirish lotogi yangilandi, metall quvurlar almashtirildi, yangi bordyur o‘rnatildi va eskilari yangilandi.
Mazkur ishlar yog‘ingarchilik vaqtida suvning yo‘l yuzasida to‘planib qolishining oldini olish, asfalt qoplamasining xizmat muddatini uzaytirish va harakat xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Yoritish tizimida ham o‘zgarishlar qilindi. Jumladan, eski yoritish ustunlari demontaj qilinmoqda, 67 ta yangi yoritish ustuni o‘rnatilmoqda.
Bekat infratuzilmasida esa 3 ta yangi avtobus maydonchasi tashkil etilmoqda. Shuningdek, 3 ta zamonaviy bekat paviloni o‘rnatilmoqda. Yo‘lovchilar uchun kutish hududlari kengaytirilmoqda hamda taktik yo‘naltiruvchi plitalar yotqizilmoqda.
Bu avtobuslarning bekatlarga erkin yaqinlashishi, yo‘lovchilarning xavfsiz chiqib-tushishi va qulay sharoitda kutishini ta’minlaydi.
Ishlarga 30 dan ortiq maxsus texnika, shuningdek, 250 nafardan ziyod ishchi va malakali mutaxassis jalb qilingan.
Barcha jarayonlar belgilangan texnologik talablar va muhandislik yechimlari asosida olib borilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA