Mustaqillik ruhiga yo‘g‘rilgan tantanalar insonlarni birlashtirdi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida "OKMKda Mustaqillik to‘yi" shiori ostida bir oylik madaniy-ma’rifiy festivalga start berildi.
Ayyomni munosib nishonlash, jamiyatda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni milliy qadriyatlar va ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri sifatida tashkil etilgan mazkur festival “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazilmoqda.

Joriy yil 30-iyul kuni boshlangan festival joriy yilning 25-avgustiga qadar davom etadi. Shu davr mobaynida kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida mehnat jamoalari, yoshlar va faxriylar ishtirokida madaniy-ma’rifiy hamda sport-sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi turli tadbirlar tashkil etiladi. Festival dasturi doirasida intellektual o‘yinlar, ijodiy bellashuvlar, milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi tanlovlar, sport musobaqalari, ko‘ngilochar dasturlar hamda sovrinli aksiyalar o‘tkazilyapti. Bu esa mehnat jamoalari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, korporativ madaniyatni yuksaltirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Kombinat ishchi-xodimlari va yoshlar ishtirokida tashkil etilgan intellektual bellashuvlar hamda ijodiy tanlovlar ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etib, turli shartlar bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Festivalning madaniy qismida “Metallurg” madaniyat saroyi badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari namoyish etildi. O‘zbekistonni, tinchlik va ozodlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar hamda sahna ko‘rinishlari bayram ishtirokchilariga haqiqiy tantanali kayfiyatni bag‘ishladi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibining ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, qo‘l jangi usullari bo‘yicha namoyishlari, qurol bilan bajarilgan mashqlar hamda harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik ruhidagi musiqalar festivalning eng yorqin lahzalariga aylandi.

Ta’kidlash joiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mehnat qilayotgan turli millat vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirish, jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda bunday madaniy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Festival mehnatkashlarning mazmunli hordiq chiqarishi, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ham xizmat qilmoqda.

Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilayotgan mazkur festival orqali yurtimiz tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ulug‘lovchi g‘oyalar keng targ‘ib etilmoqda. Bu esa mehnat jamoalarida vatanparvarlik, fidoyilik va mamlakat ravnaqiga daxldorlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Musayev, O‘zA