Mustaqillik: islohotlar, samara va natijalar
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Yaqin kunlarda mamlakatimiz o‘z mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini nishonlaydi. Tarix uchun bu qisqa davr, lekin ana shu yillar davomida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Yurtimiz iqtisodiyoti yuksaldi, ma’naviy, milliy, diniy qadriyatlarimiz tiklandi, nafaqat xalqimiz, balki shu yurtda yashayotgan barcha millat va elat vakillari emin-erkin yashash, mehnat qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Istiqlol yaratib bergan imkoniyatlar bois, barcha jabhalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, sohada malakali mutaxassislar tayyorlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borildi. Natijada bugungi kunga kelib mamlakatimiz tibbiyot tizimi har jihatdan rivojlandi, yuksak salohiyatga ega bo‘ldi.
Islohotlar samarasini Andijon davlat tibbiyot instituti misolida ham ko‘rish mumkin.
Institut jamoasi istiqlolning o‘ttiz yillik bayramini barcha yo‘nalishlardagi yutuqlari bilan munosib kutib olmoqda. Faoliyatimizni sarhisob qiladigan bo‘lsak, joriy yilda ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv, ilmiy ishlar yo‘nalishlarida erishgan yutuqlarimiz ko‘lami yanada kengaydi.
2020-2021 o‘quv yilida institutda ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv va ilmiy yo‘nalishda erishilgan yutuqlarda jamoamiz har bir xodimining munosib hissasi bor.
O‘quv, ilmiy ishlar, iqtidorli talabalar bilan ishlash, xalqaro aloqalarni kengaytirish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida Akusherlik va ginekologiya yo‘nalishi magistranti Mehrinoz Komilova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Pediatriya fakulteti talabasi Dilmurod Nazirov, Anesteziologiya-reanimatologiya, bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiyasi kafedrasi assistenti Diana Abdurahmonova “Mehr va saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, Davolash fakulteti talabasi Islombek Bektashev “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga munosib ko‘rildi. Respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan "Yil talabasi" ko‘rik-tanlovida institutning Davolash fakulteti talabasi Ma’rufjon Po‘latov “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”, Pediatriya fakulteti talabasi Abdurauf Abdurashidov “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi” nominatsiyalari bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 8 nafar iqtidorli talaba Andijon viloyati hokimining stipendiyasiga munosib, deb topildi.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ham e’tiborga molik ishlar qilindi. Jumladan, ROSOMED va VIRTUMED kompaniyalari bilan hamkorlikda simulyatsion hamda “Innovatsiya va inkubatsiya” markazlari tashkil etildi. Germaniyaning Rostok universiteti bilan hamkorlikda “Tibbiy biotexnologiya”, Janubiy Koreyaning Tegu universiteti, Andijon mashinasozlik instituti bilan hamkorlikda “Tibbiyot injeneringi” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura, Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston davlat meditsina universiteti bilan hamkorlikda stomatologiya, Sankt-Peterburg tibbiyot universtiteti bilan hamkorlikda “Tibbiy psixologiya”, Yekaterenburg tibbiyot universiteti bilan Pediatriya ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun qo‘shma dasturlar, shuningdek, Germaniyaning GIZ xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda Endoxirurgiya hamda Endourologiya vrachlari malakasini oshirish markazlari tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Institutda 2020-2021 o‘quv yilida 2 ta doktorlik (DSc), 10 ta falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyalari himoya qilindi, shu bilan birga, Andijon davlat tibbiyot instituti huzurida tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda Profilaktik tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha 2 nafar mustaqil izlanuvchi falsafa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Shuningdek, institutda Scopus, Science Direct bazasidan foydalanish imkoniyatlari yaratib berildi. ARM qoshida “Maslahat markazi” faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ta’lim, fan va davolash muassasalari bilan innovatsion hamkorlikni samarali tashkil etish bo‘yicha 495 ta ishlanma amaliyotga tatbiq etildi. Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 1 ta fundamental, 1 ta amaliy loyiha doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
bugungi kunda institutda tahsil olayotgan talabalarning aksariyati yurtimizning eng faol va ilg‘or yoshlaridan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy o‘quv yilida iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ruyobga chiqarish borasida olib borilgan ishlar natijasida institutda 40 dan ortiq fan, 14 ta sport, 2 ta tikuvchilik to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Unda 2 ming nafardan ortiq talaba qamrab olingan. Institutimiz talaba va yosh olimlari respublika, xalqaro miqyosdagi anjumanlar, fan olimpiadalarida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda.
Joriy yil institutimizning 18 nafar talabasi respublika va xalqaro tanlov, anjumanlarda I, II va III o‘rinlarni egallaganini e’tirof etish joiz. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan 3 nafar talabamiz Yosh akademik unvoniga sazovor bo‘ldi.
Ayni kunda Andijon davlat tibbiyot instituti dunyoning qator rivojlangan davlatlari, xususan, Italiya, Hindiston, Portugaliya, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Janubiy Koreya, Germaniya, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Belarus, Polsha, Turkiya, Pokistondagi nufuzli 54 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti va tibbiyot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Birgina 2020-2021 yillarda Rossiya Federatsiyasi I.N.Ulyanov nomidagi Chuvash davlat universiteti, Tula tibbiyot instituti, Birinchi Shandon tibbiyot universiteti, Sank-Peterburg davlat Kimyo va farmatsiya universiteti, Sank-Peterburg davlat Pediatriya tibbiyot universiteti, Koreya Milliy transport universiteti va Qirg‘iziston Respublikasi Xalqaro tibbiyot universiteti, Xarkov milliy tibbiyot universiteti bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab Ural davlat tibbiyot universiteti, Sankt-Peterburg Pediatriya tibbiyot universiteti bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar doirasida pediatriya, davolash ishi yo‘nalishlarida 45 nafar talaba o‘qishga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Germaniyaning Rostok universiteti bilan “Tibbiyot biotexnologiyasi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha hamkorlik doirasida 4 nafar talaba magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi.
Muxtasar aytganda, institutimiz jamoasi ko‘p yutuqlarga erishmoqda. Ana shu yutuqlar zamirida shu yurt, shu Vatan ravnaqi, uning yanada gullab-yashnanini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam.
Bugun “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan shior butun halqimiz qatori institutimiz jamoasini ham yangi marralar sari undamoqda. Bosh maqsadimiz, yuksalib borayotgan yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga hissa qo‘shish, mamlakatimiz mustaqiligining o‘ttiz yilik to‘yini munosib kutib olishdir.
Madaminjon Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.
O‘zA