Mustaqillik - huquq, imkoniyat va burch
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Mustaqillik — huquq, imkoniyat va burch” mavzusidagi mazkur uchrashuv davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Unda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan jamiyat hayotining turli jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani, xususan, ijtimoiy adolatni o‘rnatish orqali xalq roziligiga erishish masalasiga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Murakkab pandemiya sharoitda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mustaqillik berayotgan erkinlik va imkoniyatlar, burch va huquq, matbuot erkinligi va yuz berayotgan voqealarga yondashuv, ona tilimiz muammolari hamda iqtisodiy tafakkur, soliq madaniyatini shakllantirish va so‘zdan unumli foydalanish masalalari muloqot davomida e’tibor markazida bo‘ldi.
Ayni paytda fuqarolarning axborot olish, so‘z erkinligi borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash, milliy media soha rivojiga amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida ilg‘or tashabbuslar olg‘a surilmoqda. Davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrigi sohada mehnat qilayotgan barcha ijodkorlar, media tuzilmalar, vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari uchun muhim dasturilamaldir.
- Rumiy hazratlari talabalaridan so‘z nima uchun kerak, deya so‘raganlarida ular fikrni bildirish uchun deya javob berishgan, – dedi Ahmadjon Meliboyev. – Rumiy ularni ma’qullab, lekin asosiy javobni bermadinglar, so‘z anglamaganlar uchun, anglaganlarga so‘zning hojati yo‘q, degan ekanlar.
Uchrashuvda bugungi keskin globallashuv jarayonining o‘ziga xos jihatlari qayd etilib, “urf-odatlar”, “milliy qadriyatlar”, “avlodlar o‘rtasidagi muloqot va uyg‘unlik” hamda hozirda ommalashayotgan “xalq davlati” tushunchalariga keng izoh berildi.
N.Usmonova, O‘zA