Mustaqillik darsida Vatanimiz madh etildi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida mavjud fakultetlar doirasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida mustaqillik darslari bo‘lib o‘tmoqda.
Navbatdagi mustaqillik darsi Sportni boshqarish va turizm hamda Tibbiyot fakulteti talabalari ishtirokida o‘tkazildi. Unda madaniyat xodimi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoira X.Bobobmurodova, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor N.Dusanov, Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i R.Bobojonov, universitet Yoshlar ittifoqi yetakchisi X.Tursunov, kafedra mudirlari va tyuterlar ishtirok etdi.

Dars davomida shoira X.Bobomurodova talabalarni respublikamizdagi yagona sportchilar oilasining vakillari bo‘lganliklari bilan samimiy tabriklab, bu yerda yaratilgan sharoitlarni qadrlashlari, doimo ilm cho‘qqilarini zabt etish harakatida bo‘lishlarini ta’kidlab o‘tdi. Ijodkorning vatanni madh etuvchi she’rlari talabalarga manzur bo‘ldi. Boshqalaridan farqli o‘laroq mazkur mustaqillik darsi chinakam mushoira kechasiga aylandi.
Yakunda esa iste’dodli shoiraning qo‘shiqqa aylangan “Vatan yagonadir – vatan bittadir” nomli she’rini barcha jo‘r bo‘lib kuyladi.

O‘zDJTSU
Axborot xizmati