Mustaqillik bu, avvalo, huquq demakdir!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan buyuk tarixiy sana – 1 sentabr xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutadigan, har yili “Eng ulug‘, eng aziz bayram” sifatida katta shodu xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ayyomdir.
Bu yil xalqimiz mamlakatimiz istiqlolining shonli sanasini – milliy mustaqilligimizning o‘ttiz yilligini ko‘tarinki ruh va kayfiyat bilan kutib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ertaga mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi yakunlanib, hayotimizning betakror sahifasi sifatida istiqlolimiz tarixidan joy oladi. Mustaqilligimizning saodatli 30-yiliga yaxshi niyatlar bilan qadam tashlanadi.
Istiqlolda o‘tgan har bir yil jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-ma’rifiy hayotida, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzida o‘ziga xos ma’no va mazmunga ega iz qoldirdi. Hayotimizning barcha sohalarida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakat iqtisodiyoti rejalashtirilgan sur’atlardan ham yuqori rivojlanishda davom etdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar, bank va moliya muassasalari O‘zbekiston aholisining daromadlari muttasil oshib borayotganini rasman e’tirof etishmoqda.
Tarixan qisqa bir davrda avvalo el-yurtimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati, mashaqqatli va bunyodkorona mehnati evaziga jahon xaritasida yangi, o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, bugun taraqqiyot yo‘lidan barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil, suveren O‘zbekiston davlatining paydo bo‘lishi, hech shubhasiz, xalqimizning tarixiy g‘alabasidir.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlash arafasida o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishgan natijalarni xolisona baholash va ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik, butun xalqimizning ongu shuuriga yetkazish maqsadga muvofiqdir...
Mustaqillik – bu avvalo huquq. U nimalarda nomoyon bo‘ladi? Agarda u yoki bu davlatda tug‘ilib, voyaga yetayotgan insonlarning shu yurt farzandi ekanligi inobatga olinsa, demak, O‘zbekiston zaminiga kindik qoni to‘kilgan insonlar ham shu aziz va muqaddas yurtning farzandlari. O‘z Yurtida o‘zi xohlagandek ozod va obod Vatan bunyod etish, unda emin-erkin yashash, o‘z taraqqiyot yo‘lini erkin belgilash, mehnatining samarasini, rohatini ko‘rish, iqtidor va imkoniyati, kuchu-qudratini dunyoga namoyon etish kabilar shu yurt farzandlarining huquqidir. Aynan Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston fuqarolari ham ana shunday Oliy huquqni qo‘lga kiritdi.
Ushbu huquq o‘zligimizni anglash, saxovatli zaminimiz boyliklarini, xalqimizning ulkan yaratuvchanlik va intellektual salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, hech kimdan kam bo‘lmay yashashimiz, buyuk orzularimiz ro‘yobi yo‘lida safarbar etish imkonini berdi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda, shu aziz yurt fuqarolari sifatida har birimizning shaxsiy hayotimizda, oilamizda, mahallamizda, mehnat jamoamizda yoki ilmiy-ijodiy faoliyatimizda yuz bergan o‘zgarishlardan quvonmaslik, g‘ururlanmaslikning iloji yo‘q. Istiqlol sharoitida kechayotgan umrimizning har yili o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida O‘zbekiston tanlagan milliy taraqqiyot yo‘lining naqadar to‘g‘ri va xalqchil ekanini isbotlash bilan birga, mamlakatimiz, xalqimiz bu yo‘ldan aslo og‘ishmay, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zining buyuk kelajagi sari dadil qadam tashlayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ko‘p narsa qiyosiy tahlilda oydinlashadi. Sobiq tuzum sharoitida O‘zbekiston, o‘z salohiyati va aholisining turmush tarzi jihatidan eng qoloq respublikalardan biri edi. Tilimiz, dinimiz, milliy va diniy qadriyatlarimiz tahqir ostida edi. O‘tmish tariximizga, buyuk ajdodlarimizdan qolgan ilmiy va ma’naviy merosga nopisandlik bilan qaralardi. Umri davomida paxta dalasidan chiqmagan dehqonning kosasi oqarmasdi. Yerosti va yerusti boyliklari yetarli, xalqi mehnatkash yurtning bunday nochor ahvoli bilan hech kimning ishi bo‘lmas, hamma narsa o‘z holiga tashlab qo‘yilgan edi.
bugungi O‘zbekiston demokratik yangilanish va taraqqiyot yo‘lida o‘zining buyuk kelajagi sari dadil odimlayotgan, kuch-qudrati, iqtisodiy salohiyati yildan-yilga mustahkamlanib borayotgan, dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, bu ulug‘ nufuzga yanada nufuz qo‘shayotgan, xalqining farovon va tinch-totuv hayotini ta’minlashga, farzandlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan bahramand etishga qodir, istiqbolini yangi barkamol avlodning ma’naviy-axloqiy kamolida, jamiyat hayotidagi faolligi va tashabbuskorligida, yuksak fuqarolik pozitsiyasida ko‘rayotgan davlatdir.
Albatta, o‘tgan yillar mamlakatimiz uchun yengil kechmadi. Juda og‘ir sinovlarga, kutilmagan muammolarga duch keldik, ularni Buyuk daholarning odilona va xalqchil siyosati, xalqimizning aql-zakovati, sabr-bardoshi, katta hayotiy tajribasi va istiqlol g‘oyalariga sadoqati bilan yengib o‘tdik. Mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga mustahkamlanib bordi. Ayniqsa, so‘ngi besh yil ichida yurtimizda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Viloyat, shahar va qishloqlarimizning ma’naviy qiyofasi tubdan o‘zgardi. Poytaxtimiz Toshkent, qadimiy va navqiron shaharlarimiz Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg‘ona, Andijon, Qarshi, Termiz, Navoiy, Nurafshon, Nukus, Namangan, Guliston, Jizzax kabilar dunyoning go‘zal zamonaviy shaharlariga, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, xalqaro ijtimoiy-siyosiy aloqalar, madaniyat va san’at markaziga, sport bellashuvlari maydoniga aylandi. Bularning hammasi, hech shubhasiz, islohotlarning uzoqni ko‘zlab, xalq manfaatlarini o‘ylab, pishiq-puxta amalga oshirilayotgani, el-yurtda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, kelgusi avlodlarga Ozod va Obod Vatan qoldirish istagi odamlar qalbidan tobora chuqur va mustahkam joy olayotgani natijasi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Istiqlolimizning dastlabki yillarida mamlakat oldida mustaqillikni butun choralar bilan mustahkamlash, odamlar ong-shuuriga yangi jamiyatning yangi g‘oyalarini singdirish, xalqning qadr-qimmatini ko‘tarish, or-nomusini joy-joyiga qo‘yish, yaqin va olis tariximizni sobiq tuzum mafkurasi ta’siridan tozalashdek muhim vazifa turar edi. Shu maqsadda qisqa vaqt ichida milliy taraqqiyotning O‘zbekistonga, xalqimiz turmush tarzi va mentalitetiga xos va mos modeli, milliy istiqlol mafkurasining asosiy tamoyillari, jamiyat hayotining olis kelajakka mo‘ljallangan bosh maqsad-rejasi ishlab chiqildi.
O‘tgan yillar davomida o‘zini to‘la oqlagan, og‘ir sinovlardan o‘tgan va dunyo miqyosida tan olingan bu model, avvalo, mamlakatda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishning yangi prinsiplariga, xalqimizning kuch-qudrati va intellektual salohiyatiga asoslangandi. Bu tamoyillarning mohiyati o‘tish davrida davlat o‘z zimmasiga bosh islohotchi degan mas’uliyatni olishi, qonun ustivorligi, kuchli ijtimoiy himoya va islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kabi o‘ta murakkab vazifalardan iborat edi. O‘zbekiston o‘ta murakkab, hal qiluvchi sharoitda o‘z kuchi va imkoniyatiga tayanib ish ko‘rdi. Dono xalqimiz “Biz borini asrash va yo‘g‘ini yaratish yo‘lidan boramiz” degan shiorga qat’iy amal qildi. Ma’lum shartlar hisobiga boshqalardan qarz ko‘tarmaslik prinsipi, soxta obro‘ qozonish uchun yengil-yelpi qarorlar qabul qilmaslik, har bir ishni xalq bilan bamaslahat amalga oshirish davlat xokimiyati faoliyatining bosh yo‘nalishini tashkil etdi.
Istiqlol yillarida jamiyatimizda amalga oshirilgan ishlarning har biri o‘ziga xos tarixga, ma’no-mazmunga ega. Qisqa vaqt ichida yangi demokratik tizimning shakllanishi, ya’ni hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi hamda ularning o‘zaro munosabatlari aniq-ravshan belgilab qo‘yilishi, bu munosabatlar orasidagi mutanosiblikning taminlanishi chindan ham, tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston demokratik huquqiy davlatni barpo etish va adolatli erkin jamiyatni shakllantirish yo‘lidan dadil qadamlar bosib bormoqda. Shu maqsadlar yo‘lida o‘zligimizni anglash, yurt ravnaqi, inson manfaati, erkinligi va farovonligini ta’minlash talabi aniq va ravshan belgilab olingan. Ushbu vazifalarni bajarish avvalo islohotlar jarayonini izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasining joriy yil 17 avgust sonida chop etilgan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhali intervyularida haqli ravishda ta’kidlanganidek:
“Biz – O‘zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko‘proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e’tiborlidir.
Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt o‘tishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Hayotning o‘zi bizni ko‘p narsaga o‘rgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo‘lishi tabiiydir.
Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan o‘tdik, ya’ni, yo‘limizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi”.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yana bir muhim yutuq — mamlakatimizda mulk va mulkdorlarga, ishbilarmon tadbirkorlarga nisbatan munosabatning tamomila o‘zgarishi, jamiyatda yangi sinf vakillarining paydo bo‘lishi, ularning huquq va manfaatlari qonun yo‘li bilan himoya qilinishida o‘z aksini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi tarixiy uchrashuvda so‘zlagan nutqida quyidagi asosli fikrni ta’kidlab o‘tdilar: “Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom ma’nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz. Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash lozim. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani uning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu boisdan ham agar biz iqtisodiyotimizni, ijtimoiy sohani yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.
Albatta, keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berildi. Eng asosiysi, el-yurtimiz o‘rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘si va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi”.
Sobiq tuzum sharoitida xususiy mulk to‘g‘risida, halol peshona teri, uzoq yillik mashaqqatli mehnati, izlanishlari hisobiga ma’lum mulk yoki boylikka ega bo‘lish haqida o‘ylashning ham iloji yo‘q edi. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik rasman ta’qiqlab qo‘yilgan, buning uchun jazo muqarrar edi. Bugun salohiyatli ishbilarmon va tadbirkorlar mamlakat iqtisodiyotining eng muhim nuqtalarida g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni o‘z zimmalariga olib, hayotimizning yanada farovon, turmushimizning sermazmun bo‘lishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Davlatimiz rahbarining qator Farmon va qarorlari mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan yaratuvchanlik ishlari samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Aslida, har qanday islohotning samarasi avvalo xalqning ma’naviy-ruhiy yangilanishi, tafakkurining yuksalishi, yuz berayotgan o‘zgarishlar uning hayotiga va taqdiriga daxldor bo‘lganini chuqur his qilishi va shundan xulosa chiqarishi bilan belgilanadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida avvalboshdan ana shu nozik jihatga alohida e’tibor qaratildi. Barcha o‘zgarish va yangilanishlarning markaziga inson va uning manfaatlari qo‘yildi. bugungi kunda ham o‘zgarishlar jarayonining mohiyatida xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyil mujassamdir.
Shu boisdan ham, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida, og‘ir sinovlar paytida to‘plangan tajribasi, o‘ziga xos va mos milliy taraqqiyot yo‘li dunyo hamjamiyatining e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘ldi, endilikda bu tajribani o‘rganishga qiziqish kuchaydi. Milliy taraqqiyotning xozirgi bosqichida xalqimiz uchun munosib hayot tarzini yaratish, hech kimdan kam bo‘lmay yashash, kelgusi avlodlarga ezgu amallar, ozod va obod Vatan qoldirishdek ezgu niyatlar mustaqil Vatanimizda asosiy maqsadlardan biriga aylandi. Dunyo hamjamiyati shu kabi ulug‘ maqsadlar bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli insonparvar, adolatli islohotlarni, yaratuvchanlik, bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, havas qilmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va adolatli, erkin jamiyat barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning jamiyat hayotining turli sohalarida iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zamini sanaladi.
Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.
Darhaqiqat, mustaqillik tufayli biz o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoniga ega bo‘ldik. Ozodlik bois bizni jahon tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g‘ayrati, azmu shijoati ila Vatanimizning shon-shuhrati olam uzra yana kengroq yoyilmoqda. Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz, erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.
Avvalo, Yaratganning inoyati, qolaversa dono xalqimiz daholarining jasorati va tashabbusi bilan, ne-ne mashaqqatlar evaziga qo‘lga kiritilgan, xalqimizga oliy huquqni in’om etgan – Mustaqilligimizni asrab-avvaylash, jondek aziz Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Xudoyor Mamatov,
yuridik fanlar doktori, professor