Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa
Navbahor tumanidagi Karvon mahallasi aholisi uchun Mustaqillik bayrami arafasida yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Zamonaviy va barcha zarur sharoitlarga ega yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning ochilish marosimida mahalla ahli, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tantanali tadbir davomida yangi inshootning ramziy lentasi kesilib, mahalla fuqarolarining ixtiyoriga topshirildi.
Mazkur bino “Bahora Qurilish” MCHJ tomonidan mahalla byudjeti hisobidan 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qurib bitkazildi.

Yangi mahalla binosida Mustaqillik bayrami munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Bayram tadbirida yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, mahallalarda obodlik va farovonlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan fuqarolar ham munosib taqdirlandi. “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli” hamda “Eng obod ko‘cha” nominatsiyalarida munosib natijaga erishganlar rag‘batlantirildi.
Mahalla ahli uchun bayramona konsert dasturi namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri