Musobaqalar qizg‘in
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi "NBU Cup – 2016" xalqaro turnirida sportchilarimiz muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi "NBU Cup – 2016" xalqaro turnirida sportchilarimiz muvaffaqiyatli qatnashmoqda.Mamlakatimiz Tennis federatsiyasi va Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqada o‘ndan ortiq davlatdan yuzdan ziyod yosh sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Turnirning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Sharobiddin Abzalov qozog‘istonlik Rodion Pakni 6:3, 6:7, 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Iskandar Karimov qirg‘izistonlik Namazbek Diushembiyevga birorta ham geymni boy bermadi (6:0, 6:0). Endi ikkinchi davrada Sharobiddin Abzalov hindistonlik Siddxant Bantiya bilan, Iskandar Karimov kiprlik Menelaos Efstafiu bilan kuch sinashadi.
Juftlik bahslarining dastlabki davrasida tennischilarimizdan Amal Sultonbekov va Azizxon Turg‘unov, Olimjon Nabiyev va rossiyalik Danil Savelev, Bekzod Rasamatov va qozog‘istonlik Pavel Petrov g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida ishtirok etayotgan Kamola Umarova yana bir tennischimiz Zarnigor Dostonovani 6:0, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, tennischilarimizdan Elina Sharipova va Laylo Bahodirova ham raqiblari ustidan zafar quchib, ikkinchi davraga yo‘l oldi.
Endi Kamola, Laylo va Elina rossiyalik sportchi qizlar Shahzoda Asimova, Valeriya Deminova va Taisiya Pachkaleva bilan chorak final yo‘llanmasi uchun o‘zaro raqobatlashadi.