Musobaqada uyushmagan yoshlar uyushdi
Mamlakatimizda kibersport turlarini ommalashtirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida internet tarmog‘i orqali o‘tkaziladigan bahslarga qiziqadigan, zamonaviy bilimlarni egallashga chanqoq yoshlar safi yildan yilga kengaymoqda.
Bunga Chirchiq shahridagi “IT center” markazida uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan kibersport musobaqasi yaqqol misol bo‘la oladi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligining Chirchiq shahar bo‘limi hamkorligida kibersortning “Counter-ctrike” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Chirchiqdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan va IT sohasiga qiziquvchi 20-25 nafar uyushmagan yoshlar ishtirok etishi kutilgan edi. Ammo bahslarda 60 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Ular sakkizta jamoaga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahslashdi. Qizg‘in o‘tgan musobaqada Chirchiqdagi “Kabutar” MFY jamoasi 1-o‘rinni egalladi. 2-o‘rin “Gulzor” mahallasi jamoasiga, 3-o‘rin esa “Chinor” yoshlariga nasib etdi.

–Ushbu virtual musobaqa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida tashkil etildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi raisi O‘tkir Tojiboyev.– Musobaqa shahrimizdagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va IT sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Maqsadimizga qaysidir ma’noda erishdik. Ishtirokchilar kutganimizdan ham ko‘p bo‘ldi. Bu yurtimizda yoshlar siyosati to‘g‘ri olib borilayotgani, farzandlarimizning intellektual salohiyati tobora yuksalayotganidan dalolat beradi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.